date
views 162

Tramp BAAda tarixiy kelishuv imzoladi: $1.4 trillionlik investitsiya va yangi AI markazi

Tramp BAAda tarixiy kelishuv imzoladi: $1.4 trillionlik investitsiya va yangi AI markazi
Saudiya Arabistoni va Qatardagi yirik muloqotlardan so‘ng, AQSH prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharq safarining so‘nggi manzili — Birlashgan Arab Amirliklariga yetib keldi. 15 may kuni Abu-Dabiga tashrif buyurgan Trampni BAA prezidenti Shayx Zoid Al Nahayon shaxsan kutib oldi va davlat rahbari uni “Qasr Al Watan” qarorgohida rasman taqdirladi.

Tadbir chog‘ida Trampga BAAning oliy mukofoti — Zoid ordeni topshirildi. Uning tashrifi sharafiga dunyodagi eng baland inshoot — Burj Xalifa Amerika bayrog‘i ranglariga burkanib, simvolik yo‘l bilan mehmondo‘stlik ifodalandi.

AI sohasida strategik hamkorlik — yangi bosqichda

Trampning BAAga tashrifi nafaqat rasmiy, balki texnologiya sohasida tarixiy ahamiyat kasb etdi. Saudiya va Qatardagi investitsiya kelishuvlaridan ham kattaroq — BAA kelgusi 10 yil ichida AQSH iqtisodiga $1.4 trillionlik umumiy investitsiya yo‘naltirish niyatini ma’lum qildi.

Tashrif doirasidagi eng muhim bitimlardan biri — sun’iy intellekt (AI) sohasida imzolangan hamkorlik kelishuvi bo‘ldi. Texnologik muloqotlarda OpenAI asoschisi Sem Altman, Nvidia rahbari Jensen Huang va AQSHning AI siyosati bo‘yicha yetakchi shaxs — Devid Saks ishtirok etdi.

BAAda 5 gigavatt quvvatga ega yangi AI kampusining qurilishi boshlandi. Bu obyekt AQSH hududidan tashqaridagi eng yirik sun’iy intellekt markazi bo‘lishi kutilmoqda. Kampusda yillik 500 mingta Nvidia chipi ishlatilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu Yaqin Sharqdagi ilk ulkan ma’lumot markazlarini yaratish uchun zamin hozirlaydi.

Yana qanday kelishuvlar bo‘ldi?
  • $200 milliardlik AQSH–BAA yangi shartnomasi imzolandi;
  • Boeing, GE Aerospace va Etihad Airways o‘rtasida 28 ta samolyot xaridi bo‘yicha $14.5 milliardlik aviabitim e’lon qilindi;
  • AI Infrastructure Partnership (AIP) loyihasi doirasida 2025 yilda $30 milliard to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoya va $100 milliard qarz mablag‘lari jalb qilinadi;
  • Texnologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ikki davlat o‘rtasida alohida kelishuv tuzildi.

AI bitimlari — Vashingtonda xavotir uyg‘otmoqda

Garchi AI sohasidagi kelishuvlar iqtisodiy jihatdan jozibali ko‘rinsa-da, AQSH siyosiy doirasida ular xavotir bilan kutib olinmoqda. Bayden ma’muriyati ilgari ushbu AI texnologiyalarini BAAga eksport qilishga qarshi chiqqandi. Chunki ushbu markazlar orqali sun’iy intellekt texnologiyalarining Xitoy yoki boshqa raqobatchi davlatlarga o‘tib ketishi xavfi mavjud.

Dubayda Tramp minorasi quriladi

Shuningdek, Tramp tashrifining ramziy va iqtisodiy ramzlaridan biri sifatida, Dubayda 80 qavatli yangi Tramp minorasini qurish rejasi e’lon qilindi. U Burj Xalifa yaqinida joylashadi va yangi arxitekturaviy nuqtaga aylanishi kutilmoqda.

Zamin.uz tahririyati Yaqin Sharqdagi geosiyosiy va texnologik o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatishda davom etadi. Siz ushbu kelishuvlarni qanday baholaysiz? AI markazining Yaqin Sharqda qurilishi dunyodagi kuch muvozanatiga ta’sir qilmaydimi? Fikringizni izohda qoldiring.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp BAAda tarixiy kelishuv imzoladi: $1.4 trillionlik investitsiya va yangi AI markazi