date
views 116

Tokioda bezorilik qilgan o‘zbekistonliklar guruhi hibsga olindi (video)

Tokioda bezorilik qilgan o‘zbekistonliklar guruhi hibsga olindi (video)
Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bir qator og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinib, 5 nafar o‘zbekistonlik erkak qo‘lga olindi. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositasi – Tokyo Reporter nashri xabar tarqatdi.

Maʼlum qilinishicha, 2024 yilning 30 dekabrida Tokio markazidagi Shibuya tumanida 21 yoshli Hasanboy Do‘smatov boshchiligidagi o‘zbekistonlik yoshlar uch nafar xorijlik sayyohga hujum qilgan. Do‘smatov ulardan birining yuziga zarba berib, uni yerga yiqitgan. So‘ngra uning sheriklari jabrlanganlarning pul hamyonlari va sumkalarini olib, voqea joyidan qochib ketgan. Hujum oqibatida umumiy qiymati 210 ming iyena (taxminan 1400 AQSH dollari) bo‘lgan shaxsiy buyumlar o‘g‘irlangan.

Ayni vaqtda ushbu jinoyat yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda. Hasanboy Do‘smatov politsiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan holda: “Advokatim kelmaguncha hech narsa gapirmayman”, deya maʼlum qilgan. U bilan birga hibsga olingan boshqa to‘rt nafar gumonlanuvchi esa o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni keskin rad qilmoqda.

Politsiya xodimlarining aytishicha, ushbu besh kishidan to‘rt nafari, shu jumladan guruh yetakchisi hisoblangan Hasanboy Do‘smatov ham Yaponiyada qonunga xilof tarzda istiqomat qilib kelgani aniqlangan. Tergov jarayonida maʼlum bo‘lishicha, bu guruh 2023 yil avgust oyidan buyon Tokio shahrining eng gavjum nuqtalari – Shibuya va Shinjuku kabi tumanlarda ko‘cha va bekatlarda uxlab yotgan yoki mast holatda bo‘lgan fuqarolarni nishonga olib, ularning shaxsiy ashyolari va pul mablag‘larini talon-toroj qilish bilan shug‘ullangan.

Ushbu jinoiy guruhning rejasi bundan ham kengroq bo‘lgan. Maʼlum qilinishicha, ular jabrlanganlardan o‘g‘irlangan kredit kartalari orqali ko‘p miqdorda iPhone smartfonlarini xarid qilgan. Keyinchalik bu smartfonlar qayta sotilgan va shu yo‘l bilan taxminan 8 million iyena (55 ming AQSH dollaridan ziyod) daromad ko‘rilgan.

Jinoiy guruhning yetakchisi deb gumon qilingan Hasanboy Do‘smatov, har bir jinoyatni rejalashtirish va uning amalga oshirish vaqtlarini Telegram ilovasi orqali o‘z sheriklariga xabar qilib turgan. Bu orqali ular o‘z harakatlarini sinxronlashtirib, hujumlarni tez va oson amalga oshirganlar.

Hozirda tergov organlari ushbu jinoyatlarga aloqador bo‘lgan shaxslarning aybiga aniqlik kiritmoqda. Shuningdek, ularning Tokio shahar hududida boshqa ko‘plab shu kabi jinoyatlarga ham aloqadorligi gumon qilinmoqda.

Zamin.uz tahririyati voqeaning tafsilotlari bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumotlarni taqdim etishda davom etadi. Bunday holatlar yurtdoshlarimizning xorijdagi obro‘siga qanday taʼsir qiladi? Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish uchun nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tokioda bezorilik qilgan o‘zbekistonliklar guruhi hibsga olindi (video)