date
views 146

Tramp “Oltin gumbaz”ni e’lon qildi: AQSHning 175 milliardlik raketa qalqoni

Tramp “Oltin gumbaz”ni e’lon qildi: AQSHning 175 milliardlik raketa qalqoni
AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatning mudofaa tizimida yangi sahifa ochishini ma’lum qildi — “Oltin gumbaz” deb nomlangan strategik raketaga qarshi muhofaza loyihasi joriy qilinmoqda. Bu haqda u 20 may kuni Oq uyda o‘tkazilgan maxsus brifingda ma’lum qildi.

175 milliard dollarlik global mudofaa to‘ri

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, loyiha umumiy qiymati 175 milliard dollarga teng va u Amerika qo‘shinlari va fuqarolarini tashqi raketalar hujumlaridan himoya qilishga qaratilgan. Uning ta’kidlashicha, tizim gipertovushli, qanotli va ballistik raketalarni hamda dronlarni samarali ravishda tutib olish qobiliyatiga ega bo‘ladi.

“Bu nafaqat quriqlikda, balki dengizda va hatto koinotda ham joylashtiriladigan to‘liq mudofaa qalqoni bo‘ladi”, — dedi Tramp. Uning aytishicha, ba’zi radar va perexvatchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri orbitada joylashtiriladi.

“Temir gumbaz”dan “Oltin gumbaz”gacha

Tramp Isroildagi “Temir gumbaz” tizimiga ishora qilib, Amerika loyihasining texnologik jihatdan undan ancha rivojlangan bo‘lishini ta’kidladi: “Biz dunyodagi eng kuchli raketa qalqonini yaratamiz. Va bu nafaqat AQSHni, balki ittifoqchilarimizni ham himoya qiladi.”

2027 yilgacha tayyor bo‘ladi

Tizim faoliyatini 2027 yilgacha — Trampning prezidentlik muddati yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan. Uning aytishicha, dasturni amalga oshirishda AQSH kosmik kuchlari ishtirok etadi, loyihani boshqarish uchun general Maykl Getleyn mas’ul etib tayinlangan.

Kanada ham hamkorlikka qiziqmoqda

Brifing chog‘ida ma’lum bo‘lishicha, Kanada hukumati ham “Oltin gumbaz” dasturida ishtirok etishga qiziqish bildirgan. Muzokaralar yaqin orada boshlanishi kutilmoqda.

Zamin.uz tahririyatidan:
Trampning “Oltin gumbaz” tashabbusi nafaqat harbiy jihatdan, balki geosiyosiy tenglik nuqtayi nazaridan ham jiddiy strategik signal hisoblanadi. Siz nima deb o‘ylaysiz — global mudofaa tizimi tinchlikni ta’minlaydimi yoki yangi qurollanish poygasini boshlaydimi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp “Oltin gumbaz”ni e’lon qildi: AQSHning 175 milliardlik raketa qalqoni