
21 may kuni Amerikaning CNN telekanali Ukraina razvedkasi tomonidan taqdim etilgan qo‘rqinchli audio va video yozuvlarni ommaga oshkor qildi. Ushbu materiallar Rossiya armiyasi qo‘mondonlarining taslim bo‘lgan ukrainalik harbiylarni xalqaro huquqni buzgan holda qatl etish bo‘yicha buyruqlar berganini tasdiqlovchi yangi dalil sifatida ko‘rilmoqda.
Ukraina maxsus xizmatlari taqdim qilgan audioyozuvlarda «Arta» va «Beliy» chaqiruv belgilari ostida harakat qiluvchi noma’lum rossiyalik ofitser o‘z qo‘l ostidagilarga asir tushgan ukrainalik harbiylarning faqat komandirini asirga olishni va qolganlarini shafqatsizlarcha qatl qilishni bir necha bor buyurgani yaqqol eshitiladi. Aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu suhbat 2024 yilning noyabrida, noma’lum bir kunda, soat 12:05 dan 12:31 gacha Zaporijjya viloyatidagi Novodarovka qishlog‘i yaqinida yozib olingan.
CNN telekanali ushbu audioyozuvlarni aynan shu vaqtda va shu hududda dron orqali olingan videotasvir bilan birlashtirib, keng jamoatchilik e’tiboriga havola qildi. Videokadrlarda olti nafar ukrainalik harbiy yerga yotqizilgan holatda ko‘rinib turadi. Keyin esa ulardan kamida ikki nafari yaqin masofadan otib tashlanadi. O‘ldirilgan askarlarning komandiri deb taxmin qilingan yana bir harbiy esa rossiyalik askarlar tomonidan olib ketiladi. Eng dahshatlisi shundaki, ushbu qatl amalga oshirilgan paytda jinoyatchilarning harakatlari radio orqali berilgan buyruqlarga aniq mos kelgan.
Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) mazkur jinoyatni Rossiya armiyasining 5-armiyasi 127-diviziyasiga tegishli 394-motoo‘qchi polki harbiy xizmatchilari tomonidan sodir etilganligini ma’lum qildi. Shuningdek, SBU mazkur bo‘linma tomonidan bundan tashqari boshqa jinoyatlar ham amalga oshirilganiga ishonmoqda va bu yo‘nalishda surishtiruv ishlarini davom ettiryapti.
CNN tomonidan oshkor qilingan ushbu dahshatli fakt xalqaro jamoatchilikda jiddiy rezonans uyg‘otdi. Bu holat yana bir bor harbiy mojarolarda inson huquqlari va xalqaro qonunlar qanday qo‘pol tarzda buzilayotganini ko‘rsatmoqda.
Zamin.uz tahririyati Ukrainadagi vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatishda davom etadi. Sizningcha, bu jinoyatlarga qarshi xalqaro hamjamiyat qanday choralar ko‘rishi kerak? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar