
Geosiyosiy sahnada yana shiddatli bayonotlar. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Germaniyaning yangi kansleri Fridrix Mersning Yevropa yetakchiligi haqidagi bayonotiga nisbatan keskin fikr bildirdi. U Mersni ochiqchasiga “surbet” deb atadi.
Lavrov: “Yevropa o‘z qadriyatlarini qanday tushunadi?”
TASS agentligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Lavrov Bryusseldagi yetakchi siyosatchilar Ukraina masalasida saylovchilarini jiddiy ehtiyojlardan voz kechib, Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga ishontirishiga e’tiroz bildirdi. “Ayollar va bolalar isitishsiz, sog‘liqni saqlash tizimi qiyin ahvolda. Lekin ularga aytilyapti: 'Hozir Ukrainaga yordam berishimiz kerak, chunki u Yevropa qadriyatlarini himoya qilmoqda'. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Yevropa bugun qanday qadriyatlarni ustun qilayotganini”, — dedi Lavrov.
U o‘z nutqida G‘arbiy Yevropada “haqiqiy natsizm qayta jonlanmoqda”, deb ta’kidladi. Uning fikricha, bunga ko‘plab misollar bor. Xususan, u Germaniya kansleri Fridrix Mersning “Germaniya Yevropa yetakchisi bo‘lishi kerak” degan bayonotini tanqid qilib, bu gapni aytish uchun “surbetlik” kerakligini aytdi.
Bundan oldin: Berlinda Putin tanqid qilingandi
Ma’lumot uchun, bundan avval Germaniya parlamenti — Bundestagning mudofaa qo‘mitasi raisi Mari-Agnes Shtrak-Simmermann ham Rossiya rahbari Vladimir Putinni tanqid qilib, uni “Ukrainani Rossiya imperiyasiga qo‘shib olishni xohlayotganlikda” ayblagan edi.
Mers: “Bu qarorlar Yevropaning taqdiriga ta’sir qiladi”
Fridrix Mers esa o‘zining kansler sifatidagi ilk nutqida Rossiya-Ukraina inqirozini hal etish uchun qabul qilinadigan qarorlar nafaqat mintaqaviy, balki butun qit’a taqdiri uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan edi. Uning bayonotida “Yevropaning dunyo tartibidagi roli va uni saqlab qolish uchun Germaniya yetakchilikni o‘z zimmasiga olishi kerak” degan fikr ilgari surilgan.
Zamin.uz tahririyatidan:
Germaniya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar yanada taranglashmoqda. So‘zlar tanlovi, siyosiy ritorika va keskin bayonotlar Yevropa siyosatidagi yetakchilik bahsini yanada qizitmoqda. Siz bu haqda nima deb o‘ylaysiz: Yevropa yangi geosiyosiy kursga tayyormi yoki bu so‘zlar ortidagi real harakatlar hali oldindami? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing