
AQSH prezidenti Donald Tramp yana bir bahsli bayonoti bilan jamoatchilik e’tiborini torta oldi. Uning 27 may kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan postida Kanadaga qaratilgan ochiq taklif aks etgan — agar Kanada AQSHning yangi 51-shtatiga aylansa, “Oltin gumbaz” (Golden Dome) havo mudofaa tizimi ularga mutlaqo bepul taklif qilinadi. Agar esa mamlakat mustaqilligini saqlab qolib, Amerika mudofaa tizimiga alohida sherik sifatida qo‘shilishni istasa, bu xizmatning narxi 61 milliard dollarni tashkil qiladi.
— Men Kanadaga shunday dedim: agar siz “Oltin gumbaz” tizimimizda teng bo‘lmagan, mustaqil davlat sifatida ishtirok etmoqchi bo‘lsangiz, bu sizga 61 milliard dollarga tushadi. Ammo agar biz bilan 51-shtat sifatida birlashsangiz — u holda bu nol dollarga tushadi. Ular buni jiddiy ko‘rib chiqmoqdalar! — deb yozdi Tramp.
Trampning bu gaplari nafaqat Kanada, balki xalqaro siyosiy maydonda ham jiddiy muhokamaga sabab bo‘ldi. CBC nashri ma’lum qilishicha, Trampning bu bayonoti aynan Kanadada muhim siyosiy voqea — Buyuk Britaniya qiroli Charlz IIIning mamlakat parlamentidagi nutqi bilan bir vaqtda yangradi. Qirol o‘z nutqida Kanada xalqi va uning suveren huquqlarini himoya qilishga va’da berdi.
Qirol Charlz III mamlakatga bosh vazir Mark Karnining taklifiga binoan tashrif buyurdi. BBC eslatishicha, Britaniya monarxi Kanada parlamentida oxirgi marta 48 yil avval nutq so‘zlagan. O‘shanda nutqni qirol Charlzning onasi — marhuma qirolicha Yelizaveta II so‘zlagan edi.
Trampning “51-shtat” taklifi, albatta, rasmiy emas va uning shaxsiy siyosiy tashabbusi sifatida baholanmoqda. Biroq bu bayonot AQSH-Kanada munosabatlarida yangi bahslarga sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, havo mudofaasi kabi strategik sohalardagi hamkorlik masalalari bu kabi og‘ir “yumor” bilan aralashib ketganda, diplomatik tonus keskinlashayotganini ko‘rsatadi.
Hozircha Kanada hukumati bu masala yuzasidan rasmiy izoh bermagan. Ammo ekspertlar bu gaplarni jiddiy geosiyosiy so‘rov deb emas, balki Trampning siyosiy uslubiga xos populistik bayonotlardan biri sifatida baholashmoqda. Shu bilan birga, u kelasi saylovlar arafasida ham AQSH tashqi siyosatini yangi formatda tasavvur qilayotganini ko‘rsatmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar