
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatda tinchlik yaqin vaqt ichida boshlanishi mumkinligini ta’kidladi. Nemisning RTL telekanaliga bergan intervyusida u bu jarayon sulhdan boshlanishi va keyinchalik barqaror tinchlikka olib borishi lozimligini bildirdi. Prezidentning ta’kidlashicha, “Bu tinchlik ertagayoq boshlanishi mumkin”, biroq bu uchun Ukraina zarur harbiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj.
Zelenskiy Kiyevning tinchlikka tayyorligini alohida urg‘ulagan bo‘lsa-da, Moskvadan bunday tayyorlikni hozircha ko‘rmayotganini aytdi. Shu bois u xalqaro hamjamiyatni Rossiyaga nisbatan bosimni yanada kuchaytirishga chaqirdi.
Mojaro qaysi sanada tugashi mumkin?
28 may kuni jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatida Ukraina rahbari ushbu urush 2026 yil
iyuniga qadar yakunlanishi mumkinligi haqida umid bildirdi. Uning fikricha, bunda Ukraina razvedkasining tahlillari va xalqaro tahlil markazlari xulosalari asosiy rol o‘ynaydi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, agar Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy qilingan 18-sanksiya paketi va AQSHning yangi, kuchli cheklovlari samara beradigan bo‘lsa, janglar yanada tez yakun topishi mumkin. Shuningdek, u Ukraina 2026 yilgacha frontda qolishni xohlamayotganini, tinchlikni tezroq ta’minlash maqsadida kurashayotganini ta’kidladi.
Taurus raketalari va Germaniya bilan hamkorlik
Suhbat davomida Zelenskiy Berlindan so‘ralgan Taurus uzoq masofali raketalari haqida ham fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va Germaniya bu masalada faol ish olib bormoqda, ammo hozircha bu yo‘nalishda aniq ma’lumot bermaslikka kelishib olingan.
“Men kansler Fridrix Mersga va’da berganman va bu so‘zimga sodiqman. Hozir batafsil ma’lumot berolmayman, ammo ish jarayoni bor”, — dedi Ukraina rahbari.
Germaniya kansleri esa o‘z navbatida Ukrainaga qurol yetkazib berish va ayrim turdagi qurollarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha tayyor ekanini bildirgan. Unga ko‘ra, Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH va Germaniya so‘nggi oylarda Ukrainaga qurol yetkazib berish cheklovlarini bekor qilgan va bu mamlakat mudofaasini kuchaytirishda muhim omilga aylangan.
Zelenskiyning so‘zlaridan kelib chiqadiki, Ukraina tinchlikni istaydi, biroq bu istak faqat diplomatiya orqali emas, balki kuchli mudofaa va xalqaro qo‘llab-quvvatlash bilan amalga oshishi mumkin. Moskva va Kiyev o‘rtasidagi qarama-qarshi pozitsiyalar saqlanib turgan bir paytda, Ukraina NATO va Yevropa Ittifoqi bilan yaqin hamkorlikda harakat qilmoqda.
Tinchlikning ertaga boshlanishi ehtimoli mavjud, ammo bu tinchlikni saqlash va mustahkamlash uchun global siyosiy iroda va aniq strategiya talab etiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar