date
views 948

Ilon Mask haqida yangi da’vo: kun ora ketamin, NYT fosh qildi

Ilon Mask haqida yangi da’vo: kun ora ketamin, NYT fosh qildi
Dunyoga mashhur milliarder, SpaceX va Tesla kompaniyalari asoschisi hamda AQSH Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Maskning giyohvand moddalar bilan bog‘liq muammolari yana bir bor keng muhokama mavzusiga aylandi. The New York Times gazetasi tomonidan chop etilgan yangi maqola tadbirkorning giyohvand moddalarga bo‘lgan munosabatini to‘liq ochib tashladi va jamoatchilikda katta aks-sado uyg‘otdi.

Gazeta keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Mask AQSH prezidenti Donald Trampning 2024 yilgi prezidentlik saylovi uchun olib borilgan saylovoldi kampaniyasi davomida turli psixotrop moddalar va giyohvandlik vositalarini juda faol iste’mol qilgan. Bu haqda nashrga tadbirkorning atrofidagi bir necha manba xabar bergan.

Tadbirkor asosan kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan ketaminni muntazam ravishda va katta miqdorda qabul qilgani ta’kidlanadi. Mask 2024 yilning mart oyida CNN telekanaliga bergan intervyusida ketaminni faqat shifokor retsepti asosida, oz miqdorda va ikki haftada bir marta iste’mol qilayotganini aytgan bo‘lsa-da, The New York Times gazetasi uning bu moddani ko‘proq qabul qilganini ma’lum qildi. Nashr manbalariga ko‘ra, tadbirkor ketaminni tez-tez, hatto har kuni iste’mol qilgan hamda uni boshqa turdagi giyohvand moddalar bilan aralashtirgan holda ham qo‘llagan.

Ta’kidlanishicha, milliarder bu moddani ortiqcha iste’mol qilgani sababli sog‘lig‘ida jiddiy muammolar paydo bo‘lgan va u bu haqda o‘zining atrofidagilar bilan ham gaplashgan. Maskning aytishicha, doimiy ketamin iste’moli natijasida uning qovug‘ida jiddiy muammolar yuzaga kelgan.

The New York Times gazetasi, shuningdek, Ilon Mask ekstaz (MDMA) va gallyutsinogen qo‘ziqorinlar kabi boshqa psixoaktiv moddalarni ham iste’mol qilganini ma’lum qilgan. Bu bilan cheklanmay, tadbirkor o‘zining yonida doim 20 ta tabletkadan iborat dori qutisini olib yurgan, ularning orasida Adderall kabi kuchli stimulyatorlar ham bo‘lgan.

Bundan tashqari, nashr Maskning AQSH hukumatining yuqori lavozimlarida faoliyat yuritayotgan paytda ham bu kabi moddalarni qabul qilishni davom ettirgan yoki ettirmaganini aniqlash qiyin bo‘lganligini ham alohida ta’kidlagan. Masalan, uning boshqaruvidagi SpaceX kompaniyasi davlat bilan katta hajmdagi shartnomalar imzolagan va shuning uchun xodimlar orasida giyohvand moddalar bo‘yicha majburiy testlar o‘tkazilishi shart qilingan. Ammo ayrim manbalarning ta’kidlashicha, Maskga ushbu testlarni o‘tkazish haqida oldindan ma’lumot berilgan bo‘lishi mumkin.

Jurnalistlar tomonidan ko‘tarilgan mazkur masala 30 may kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ham muhokama qilindi. Unda Maskning o‘zi ham ishtirok etdi va jurnalistlarning bu mavzudagi savollariga keskin javob qaytarib, The New York Times gazetasini «soxta ma’lumotlar tarqatish»da aybladi. U bu mavzu bo‘yicha izoh berishni rad etib, jurnalistlarga «yo‘llarida davom etish»ni maslahat berdi.

2024 yilning mart oyida CNN telekanalida efirga uzatilgan suhbatda tadbirkor ketamindan tibbiy maqsadlarda foydalanishini tasdiqlagan edi. Uning ta’kidlashicha, vaqt-vaqti bilan depressiyaga o‘xshash salbiy holatlar uning hayotiga ta’sir qiladi va ana shunday paytlarda ketamin unga bu holatdan chiqishga yordam beradi. Mask, shu bilan birga, ketaminni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilmaganini, aks holda bunday kuchli ta’sirga ega moddani haddan oshiq iste’mol qilish uning professional faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagandi.

Bu ma’lumotlar nafaqat Maskning shaxsiy hayoti, balki uning yuqori davlat lavozimini egallagan shaxs sifatidagi obro‘siga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, bu mojaro AQSH jamoatchiligida yangi bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda mazkur mavzuda keng muhokamalar boshlanib ketgan va bu boradagi yangi tafsilotlarning paydo bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lib qolmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ilon Mask haqida yangi da’vo: kun ora ketamin, NYT fosh qildi