date
views 70 374

Dunyoda faqat bitta davlat o‘zini to‘liq boqa olar ekan!

Dunyoda faqat bitta davlat o‘zini to‘liq boqa olar ekan!
Dunyo mamlakatlarining oziq-ovqat mustaqilligi bo‘yicha o‘tkazilgan global tadqiqot natijalari e’lon qilindi. Germaniyadagi Gettingen va Buyuk Britaniyadagi Edinburg universitetlari olimlari tomonidan amalga oshirilgan bu keng ko‘lamli tahlil natijalari hayratlanarli bo‘lib chiqdi. 186 davlatda o‘tkazilgan tadqiqot xulosasiga ko‘ra, yer yuzida tashqi yordamga muhtoj bo‘lmaydigan, o‘zini barcha asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlay oladigan yagona mamlakat mavjud ekan. Bu – Janubiy Amerika qit’asining shimoli-sharqiy qismida joylashgan, aholisi bir milliondan ham kam bo‘lgan kichik Gayana davlatidir. Bu haqda Science Alert nashri xabar bermoqda.

Tadqiqot davomida olimlar jahon mamlakatlarining asosiy oziq-ovqat turlari bo‘yicha ichki ishlab chiqarish hajmlarini tahlil qildi. Bunda yettita muhim guruh e’tiborga olingan: meva, sabzavot, sut mahsulotlari, baliq, go‘sht, dukkaklilar (shu jumladan yong‘oqlar va urug‘lar) hamda kraxmalli ekinlar (kartoshka va boshqalar).

Natijalarga ko‘ra, Gayana yuqoridagi yetti guruh mahsulot bo‘yicha ham ichki ehtiyojini to‘liq qoplay oladigan dunyodagi yagona mamlakat bo‘lib chiqdi. Buning asosiy sababi sifatida ushbu mamlakatda qulay iqlim sharoiti va qishloq xo‘jaligi yerlarining serhosilligi ko‘rsatilgan.

Gayanaga eng yaqin ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan mamlakatlar esa Xitoy va Vetnam hisoblanadi. Ular yetti guruhdan oltitasida o‘zlarining ichki ehtiyojlarini mustaqil ravishda qondira olish imkoniyatiga ega.

Biroq tadqiqot natijalari yana bir tashvishlanarli faktni ko‘rsatadi. Dunyo mamlakatlarining atigi har yettinchisi beshta va undan ko‘proq oziq-ovqat guruhida ichki ehtiyojini to‘liq qoplash qobiliyatiga ega ekan. Ular orasida O‘zbekiston ham bor bo‘lib, mamlakatimiz meva, sabzavot, sut mahsulotlari, go‘sht va kraxmalli ekinlar ishlab chiqarishda o‘zini ta’minlay oladigan mamlakatlar qatoriga kiradi.

Shu bilan birga, mamlakatimizning baliq va dukkaklilar (yong‘oq va urug‘lar kabi mahsulotlar) bilan o‘z ehtiyojlarini to‘liq qoplay olmasligi alohida qayd etilgan.

Tahlilchilarning qayd etishicha, dunyo mamlakatlarining uchdan bir qismi atigi bir yoki ikki turdagi mahsulotlarni mustaqil ravishda yetarli miqdorda ishlab chiqara oladi. Afg‘oniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Iroq, Makao, Qatar va Yaman kabi mamlakatlarda esa, hatto bir turda ham ichki ehtiyojni to‘liq qoplash imkoniyati mavjud emas.

Iqtisodiy ittifoqlarda ham vaziyat ko‘ngildagidek emas. Masalan, Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashi (GCC) o‘zini faqat go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlay oladi. G‘arbiy Afrika va Karib dengizi davlatlari uyushmalari ham faqat ikki turdagi oziq-ovqat mahsulotida mustaqildirlar. Hech bir ittifoq esa sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishda to‘liq mustaqil emas.

Olimlarning ta’kidlashicha, bunday holatlarda asosiy yechim yo‘li xalqaro savdo aloqalarini rivojlantirish hisoblanadi. Biroq buning ham o‘ziga yarasha xavfi bor: ko‘plab mamlakatlar bitta yoki ikkita asosiy importchi davlatlarga qaram bo‘lib qolmoqda. Bu esa ularni siyosiy mojaro yoki ta’minot zanjiridagi har qanday uzilishlarga nisbatan o‘ta zaif qilib qo‘yadi.

Shu bois olimlar nafaqat xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, balki savdo aloqalarini ham diversifikatsiya qilish kerakligini ta’kidlashmoqda. Bu oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish va barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun eng to‘g‘ri yo‘ldir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyoda faqat bitta davlat o‘zini to‘liq boqa olar ekan!