date
views 202

Janubiy Koreyada tarixiy saylov: yangi prezident ish boshladi!

Janubiy Koreyada tarixiy saylov: yangi prezident ish boshladi!
Janubiy Koreyada mamlakat tarixidagi eng keskin va ahamiyatli prezidentlik saylovlaridan biri bo‘lib o‘tdi. 3 iyun kuni muddatidan avval o‘tkazilgan saylovlarda muxolifat partiyasidan nomzod bo‘lgan Li Je Myong sensatsion tarzda g‘alaba qozondi. Bu haqda Koreyaning Yonhap agentligi xabar berdi.

Yangi prezidentning inauguratsiya marosimi odatdagi ikki oylik o‘tish davrini kutib o‘tirmasdan, tezkorlik bilan, saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin darhol tashkil etildi. Li Je Myong marosimga o‘z rafiqasi bilan birgalikda tashrif buyurdi va tantanali qasamyod qabul qildi.

Mazkur saylovlar mamlakat uchun o‘ta muhim davrda bo‘lib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, avvalgi davlat rahbari Yun Sok Yol o‘tgan yili dekabrda mamlakatda harbiy holat joriy qilingani va uning prezidentlik faoliyatiga nisbatan impichment e’lon qilinganidan keyin lavozimini tark etgan edi. Konstitutsiyaviy sudning fikricha, bu vaziyat mamlakat tarixidagi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng jiddiy siyosiy inqirozni keltirib chiqargan.

Saylov kuni mamlakat bo‘ylab yuqori darajadagi saylovchilar faolligi kuzatildi. Ovoz berish jarayoni tugashiga bir soat qolgandayoq ishtirokchilar soni 77,8 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu oxirgi 28 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Li Je Myong 49,42 foiz ovoz yig‘ib, saylovdagi asosiy raqibi – hukmron “Xalq kuchi” partiyasi nomzodi Kim Mun Suni ortda qoldirdi. Kim Mun Su esa 41,15 foiz ovoz oldi. Li Je Myong bu natija bilan mamlakat tarixidagi eng ko‘p ovoz yig‘gan prezident sifatida rekord o‘rnatdi — unga 17 million 280 ming nafar saylovchi ishonch bildirdi.

Prezident Li Je Myong o‘zining birinchi nutqida mamlakat oldidagi vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi: “Men butun xalqimiz oldida qasamyod qilamanki, konstitutsiyani qat’iy hurmat qilib, vatanimizni tinch yo‘l bilan birlashtirishga intilaman, aholining farovonligi va erkinligi uchun bor kuchim bilan harakat qilaman hamda milliy madaniyatimizni rivojlantirib, davlat rahbari sifatida vazifamni sidqidildan bajaraman.”

Li Je Myongning inauguratsiyasi mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida katta qiziqish uyg‘otdi. Bugun Janubiy Koreya gazetalari o‘z sahifalarining birinchi betlarini yangi prezidentga bag‘ishlagan. Jumladan, AQSH bilan munosabatlar, Donald Trampning tarif siyosati, Shimoliy Koreyaning yadro dasturi kabi muhim masalalarni hal qilish prezidentning birinchi vazifalaridan biri bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

Li Je Myong global inqirozlar sharoitida amaliy va faol diplomatiyani kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. U dunyodagi muammolarni mamlakat manfaatlari yo‘lida foydali imkoniyatlarga aylantirishga va’da berdi. Xabarlarga ko‘ra, prezidentning birinchi rasmiy xalqaro muloqoti AQSH prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lishi kutilmoqda.

Hozircha butun jahon Janubiy Koreyaning yangi rahbari dunyo maydonida qanday qarorlar qabul qilishini qiziqish bilan kuzatmoqda. Li Je Myong mamlakatdagi siyosiy barqarorlikni qayta tiklash va iqtisodiy o‘sishga erishish yo‘lida yangi davr boshlanishini bildirmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Janubiy Koreyada tarixiy saylov: yangi prezident ish boshladi!