
Oq uyda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvda AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaro haqida kutilmagan bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda muzokaralar davom ettirishdan avval, ikki tomonni «biroz urushtirib qo‘yish» kerak bo‘lishi mumkin. Tramp bu ikki davlatni parkda o‘zaro mushtlashayotgan bolalarga o‘xshatib, ba’zida ularni ajratishdan oldin o‘z-o‘zidan «sovub qolishlari» uchun imkon berish lozimligini aytdi.
Donald Tramp ushbu original taqqoslashni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqinda o‘tkazgan telefon muloqotida ham qo‘llaganini bildirdi. Urushni yakunlash juda murakkab ekaniga ishora qilgan Tramp buni ikki davlat rahbarlari – Putin va Zelenskiy o‘rtasida nafrat va ikki xalq o‘rtasida juda kuchli adovat borligi bilan bog‘ladi.
«O‘ylab ko‘ring, ikki yosh bola parkda qattiq janjallashib ketsa, ularni birdan ajratib qo‘yish juda qiyin bo‘ladi. Ayrim holatlarda bu janjal ularning hissiyotlari sovishi uchun ozgina davom etishi kerak. Keyinroq ajratib qo‘ysangiz, samaraliroq bo‘ladi», — dedi Tramp Germaniya rahbari bilan muloqotda.
Avvalroq, Donald Tramp prezidentlik lavozimiga qaytgach, ilk 24 soat ichida Ukrainadagi mojaroni hal qilishni va’da qilgandi. Biroq keyinroq ushbu jarayonga yana yarim yil zarurligini bildirgan va agar shu vaqt ichida jiddiy natijaga erishilmasa, tinchlik muzokaralarini butunlay to‘xtatish bilan tahdid qilgandi.
Shu kungi uchrashuvda Tramp muzokaralarning murakkabligi yana bir bor tasdiqlanganini ta’kidladi. Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash ehtimoli haqida so‘ralganida, u bu savolga aniq javob berishdan qochib, «agar bitim tuzilmasa, sanksiyalar davom etadi» deya, dedlayn uning «miyasida» ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Tramp Putin bilan yaqinda o‘tkazilgan so‘nggi telefon suhbati haqida ham ma’lumot berdi. U muloqot davomida Putinga Ukrainaning Rossiyadagi harbiy aerodromlarga zarba berishini javobsiz qoldirishni so‘raganini aytdi. Biroq Rossiya rahbari javob qaytarmaslik ilojsizligini bildirdi, dedi Tramp.
«Men Putinga "bu ishni qilmasangiz yaxshi bo‘ladi, bu vaziyatni to‘xtatishingiz kerak" dedim. Lekin u ham menga "bunga javob qaytarishdan boshqa chora yo‘q" deb ochiq aytdi», — dedi Tramp jurnalistlarga bergan bayonotida.
Oq uy rahbari Putin bilan o‘tkazilgan bir soatu 15 daqiqalik telefon suhbatini yaxshi, lekin zudlik bilan tinchlikka olib kelmaydigan muloqot sifatida baholadi.
Aytish kerakki, Tramp o‘zining avvalgi prezidentlik muddatida «Shimoliy oqim-2» gaz quvuriga qarshi keskin sanksiyalar joriy etgan edi va agar u 2022 yilda ham prezident bo‘lganida, bu mojaro boshlanmagan bo‘lishini takrorladi. Shuningdek, u yana bir bor o‘zidan oldingi prezident Jo Baydenni Ukrainadagi vaziyatning yomonlashuvida ayblab tanqid qildi.
Muloqot davomida Germaniya kansleri Fridrix Mers esa AQSH rahbarini Rossiyaga bosimni yanada oshirishga chaqirib, bu mojaroga nuqta qo‘yishda uning muhim rolini alohida ta’kidladi.
«Biz Ukraina tomonida ekanimizni va Rossiyaga qarshi bosimni kuchaytirish zarurligini qayta-qayta aytmoqdamiz. Donald Tramp esa bunga juda yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgan shaxs», — dedi Mers o‘z nutqida.
Ko‘plab ekspertlar va OAV uchrashuv arafasida Germaniya kansleri uchun uchrashuv davomida Tramp tomonidan g‘alati va noqulay vaziyatga solinishi ehtimolini taxmin qilgandi. Sababi, Tramp avvalroq bir necha marta xorijiy yetakchilar bilan uchrashuvlarda turli noqulay sharoitlarni yaratib, ularni hayratga solgan edi. Lekin bu gal kansler bilan uchrashuv kutilganidan ham do‘stona tarzda o‘tdi.
Germaniya rahbari Tramp bilan uchrashuvdan avvalgi nutqida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni qayta-qayta ta’kidladi. U ikki mamlakat o‘rtasidagi ittifoq Yevropa erkinligi va xavfsizligi uchun eng muhim omil ekanini qayd etdi.
Shuningdek, Mers uchrashuv davomida Trampga uzoq nutq so‘zlamaslikka qaror qilganini ma’lum qildi. Uning fikricha, Oq uy rahbariga ko‘proq gapirishga imkon berish kerak, chunki bu bilan uning real pozitsiyasini yaxshiroq anglash mumkin.
Tramp va Mers o‘rtasidagi uchrashuv o‘zaro iliq ruhda kechdi. Tramp Germaniyani mudofaa xarajatlarini oshirish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatladi. Germaniya kansleri esa o‘z navbatida, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.
Ekspertlar bu uchrashuvning asosiy mavzusi sifatida Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaro muhokama qilinganini, ikki yetakchining muzokarasi esa yangi strategiyalarni belgilashda muhim bosqich bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Shunday qilib, Trampning «biroz urushtirib qo‘yish» haqidagi fikri xalqaro miqyosda yangi bahslarni keltirib chiqardi va ekspertlarning diqqat markaziga tushdi. Bugungi kunda butun dunyo mazkur muzokaraning kelajagi haqida qizg‘in muhokamalar olib bormoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar