
Dunyodagi eng nufuzli tadbirkorlardan biri, Tesla va SpaceX kompaniyalari asoschisi Ilon Mask AQSHda yangi siyosiy harakatga asos solish niyati borligini bildirdi. Bu haqda u o‘zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida, sobiq prezident Donald Tramp bilan keskin kelishmovchiliklardan so‘ng ma’lum qildi.
Mask tomonidan ilgari surilayotgan partiyaning nomi «Amerika partiyasi» bo‘lishi kutilmoqda. Unga ko‘ra, bu siyosiy platforma AQSH aholisining aksariyat qismini tashkil qiluvchi «80 foiz mo‘tadil ko‘pchilik» qarashlarini ifodalashni maqsad qilgan.
«Amerikada realda 80 foizni tashkil etuvchi ko‘pchilik bor, lekin ularning manfaatlarini himoya qiluvchi partiya yo‘q. Buni o‘zgartirish vaqti keldi, deb o‘ylaysizmi?» — deya murojaat qildi Mask o‘z obunachilariga.
U o‘tkazgan onlayn so‘rovnomada 80,4% qatnashchi uning g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan, faqat 19,6% kishi esa bunga qarshi fikr bildirgan. Mask natijalarni sharhlar ekan shunday yozdi: «Xalq o‘z so‘zini aytdi. Demak, yangi partiya — taqdirdir.»
Bunday bayonotlar AQSH siyosiy sahnasida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Maskning siyosatga bevosita qadam qo‘yayotgani ba’zilarni hayratga solsa, boshqalar buni mamlakatdagi siyosiy muvozanat uchun foydali harakat, deb baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Mask avvalroq Trampning soliq imtiyozlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasini omma oldida tanqid qilgan edi. Bunga javoban Donald Tramp uni «aqldan ozgan» deb atagan. Shu zahoti ikkalasi o‘rtasida keskin tortishuv boshlandi va u siyosiy qarama-qarshilik darajasiga chiqdi.
Ijtimoiy fikrga ko‘ra, Maskning yangi partiya tuzish tashabbusi nafaqat saylovlarga ta’sir qilishi mumkin, balki AQSHdagi ikki partiyali tizimning mustahkamligiga ham jiddiy savollar tug‘diradi.
Zamin.uz tahririyati Ilon Maskning bu siyosiy qadami qanday rivojlanishini, uning Tramp bilan munosabatlari qay tarzda o‘zgarishini va "Amerika partiyasi" haqiqatda tashkil etiladimi — barchasini diqqat bilan kuzatishda davom etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar