date
views 309

Los-Anjelesda tartibsizlik: Tramp Milliy gvardiyani yubordi

Los-Anjelesda tartibsizlik: Tramp Milliy gvardiyani yubordi
AQSHning Kaliforniya shtatidagi Los-Anjeles shahrida ikki kundan buyon Immigratsiya va Bojxona xizmati (ICE) tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli reydlarga qarshi kuchayib borayotgan ommaviy norozilik namoyishlari yuzasidan vaziyat yanada keskinlashmoqda. DW nashri xabar berishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp vaziyatni nazoratga olish uchun 2000 nafar Milliy gvardiya askarini shaharga yuborish haqida farmoyish berdi.

Prezident matbuot kotibi Kerolayn Livitt bu qarorni “tartibsizlik va qonunbuzarliklarga qarshi qat’iy chora” sifatida baholadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ICE tomonidan San-Diyego shahridagi ikki restoranga o‘tkazilgan reydlar paytida huquqni muhofaza qiluvchi organlar portlovchi chiroq-shovqin granatalaridan foydalangan. Bu esa fuqarolar tomonidan qattiq qarshilikka uchragan. Namoyishchilar politsiya xodimlariga nisbatan beton bo‘laklari va boshqa qattiq jismlar bilan hujum qilgan.

Bir hafta davomida Los-Anjeles va uning atrofida 118 nafar kishi — asosan immigratsiya qonunlarini buzganlikda gumon qilingan shaxslar qo‘lga olingan.

Prezident Tramp o‘zining Truth Social sahifasida Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom va Los-Anjeles shahar meri Karen Bassga murojaat qilib, agar ular vaziyatni nazorat qilolmasa, federal hukumatning o‘zi bu ishni o‘z qo‘liga olishini, tartibsizliklar va talonchilikka chek qo‘yishini bayon etdi.

Hozirda Los-Anjeles politsiyasi, ICE va Milliy gvardiya sa’y-harakatlari bilan shahardagi vaziyatni barqarorlashtirish harakatlari davom etmoqda. AQSH qonunchiligiga ko‘ra, prezident muayyan holatlarda Milliy gvardiyani “tartib saqlash, namoyishlarni bostirish va xavfsizlikni ta’minlash” maqsadida faollashtirish huquqiga ega.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Los-Anjelesda tartibsizlik: Tramp Milliy gvardiyani yubordi