date
views 251

Germaniya Rossiya hujumi xavfiga tayyorgarlikni jadallashtirmoqda

Germaniya Rossiya hujumi xavfiga tayyorgarlikni jadallashtirmoqda
Germaniya hukumati ehtimoliy harbiy xavflarga qarshi faol tayyorgarlik jarayonini boshladi. Federal fuqarolik muhofazasi va tabiiy ofatlarga qarshi yordam agentligi (BBK) shu yil yozda butun mamlakat bo‘ylab bombapanohlar va boshpana infratuzilmasini qayta tiklash va kengaytirish rejasini taqdim etadi. Bu haqda Suddeutsche Zeitung nashri xabar berdi.

Agentlik rahbari Ralf Tislerning ta’kidlashicha, mamlakat “vaqt bilan poygada” va hozirgi geosiyosiy vaziyatda urush ehtimolini inkor qilish mumkin emas:

“Ko‘p yillar davomida Germaniyada urush — tayyorgarlikni talab qilmaydigan, fantastik ssenariy sifatida ko‘rilgan edi. Endi bu nazariya o‘zgardi. Yevropa hududida yirik harbiy to‘qnashuv xavfi bor va biz hoziroq tayyorgarlik ko‘rishga majburmiz”.

BBK rahbari avvaldan mavjud tunnellar, metro stansiyalari, yerosti garajlar, avtoturargohlar va jamoat binolari yerto‘lalarini qayta ko‘rib chiqib, ularni zarurat tug‘ilganda tezkor panohgohlarga aylantirishni taklif qilmoqda. Bu, uning hisob-kitobiga ko‘ra, qisqa vaqt ichida 1 million nafar odamni yopiq va muhofaza qilingan joyda joylashtirish imkonini beradi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, zamonaviy bunkerlarni noldan qurish juda qimmat va vaqt talab qiladi. Shu sababli hozirdagi fuqarolik obyektlaridan samarali foydalanish muhim hisoblanadi. Tisler mavjud resurslarni “zudlik bilan va diqqat bilan tahlil qilish” zarurligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Germaniya xavfdan xabardor qilish tizimini ham modernizatsiya qilmoqchi. Bu jarayonda sirena signallari, mobil ilovalar, maxsus yo‘l belgilari va xavfli vaziyatlarda fuqarolarni tez evakuatsiya qilishga yordam beruvchi vositalar joriy etiladi. Hukumatga ko‘ra, fuqarolik muhofazasi sohasidagi to‘liq islohot uchun to‘rt yil davomida kamida 10 milliard yevro, yaqin o‘n yil ichida esa 30 milliard yevro miqdorida mablag‘ talab etiladi.

Ta’kidlash joizki, sovuq urush davrida qurilgan 2 mingga yaqin bunkerlardan faqat chorak qismi hozir faoliyatga tayyor holda. Ular atigi 450 ming fuqaroni himoya qilish imkoniga ega — bu esa mamlakat aholisining bor-yo‘g‘i 0,5 foizini tashkil etadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniya Rossiya hujumi xavfiga tayyorgarlikni jadallashtirmoqda