date
views 36

Germaniya politsiyasiga elektroshoker — jamoat xavfsizligi uchun yangi qadam

Germaniya politsiyasiga elektroshoker — jamoat xavfsizligi uchun yangi qadam
Germaniyada politsiya faoliyatini yanada samarali qilish maqsadida muhim o‘zgarishlar kutilmoqda. Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindtning so‘zlariga qaraganda, mamlakat politsiyasiga elektroshokerlardan rasman foydalanishga ruxsat berish bo‘yicha huquqiy baza ishlab chiqilayapti.

Uning ta’kidlashicha, elektroshokerlar nafaqat huquqbuzarlarni tezkorlik bilan neytrallash, balki o‘qotar qurollarsiz vaziyatni nazoratga olish imkonini ham beradi. Shu bilan birga, elektroshokerlar insonga yetkaziladigan shikast darajasi jihatidan dubinka va o‘qotar qurollardan kamroq xavfli hisoblanadi.

Dobrindt bu chorani politsiya xodimlarining jamoat joylaridagi xavfsizligini ta’minlashda muhim va zamonaviy vosita deb ta’rifladi:

“Bugungi kunda politsiya xodimlariga nisbatan tahdidlar ko‘paygan. Elektroshokerlar aynan shunday vaziyatlarda inson hayotini himoya qilish uchun mos va zarur qurol hisoblanadi.”

Shu bilan birga, barcha hududlar bu tashabbusni birdek qo‘llab-quvvatlayotgani yo‘q. Bavariya ichki ishlar vaziri Yoaxim Xerman bu uskunalarning samarasiga shubha bildirgan bo‘lsa, Quyi Saksoniya IIV rahbari Daniela Berens esa tanqidiy munosabatda bo‘ldi.

Ayni paytda Germaniyaning ayrim hududlari — Berlin, Gessen, Reynland-Pfals va Shimoliy Reyn-Vestfaliyada elektroshokerlar amalda qo‘llanib kelinmoqda. Yangi qaror orqali esa bu tajriba mamlakat bo‘ylab keng joriy etilishi mumkin.

Tahlilchilar fikricha, ushbu yangilik politsiyaning operativ imkoniyatlarini oshiradi, biroq inson huquqlarini himoya qilish nuqtayi nazaridan muhokama va xavotirlarga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniya politsiyasiga elektroshoker — jamoat xavfsizligi uchun yangi qadam