
So‘nggi kunlarda AQSHning Los-Anjeles shahrida yuz bergan ommaviy norozilik namoyishlari xalqaro jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. Bu voqealar AQSH prezidenti Donald Trampning mutaxassislar va keng jamoatchilik tomonidan bahsli deb topilayotgan immigratsiya siyosatiga qarshi yo‘naltirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar va rasmiy axborotlarga ko‘ra, noroziliklar AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati tomonidan Los-Anjeles shahrida noqonuniy muhojirlarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan keng ko‘lamli reydlardan so‘ng avj olgan. Qator fuqarolar bu harakatni adolatsizlik sifatida baholab, ko‘chalarga chiqishgan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxanovning ma’lum qilishicha, mazkur namoyishlarda o‘zbekistonlik fuqarolarning ishtirok etgani haqida hozircha tasdiqlangan ma’lumot yo‘q. Shu bilan birga, vazirlik AQSHda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga murojaat bilan chiqdi.
“O‘zbekiston fuqarolari AQSHdagi amaldagi qonun-qoidalarga qat’iy rioya qilishlari, jamoat xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday ommaviy yig‘ilish va namoyishlarda ishtirok etmasliklari zarur. Har qanday huquqbuzarlik salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, — deydi TIV vakili.
Shuningdek, vazirlik o‘z murojaatida mamlakatimizning AQSHdagi diplomatik vakolatxonalari fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda doimiy ravishda faoliyat yuritishi, zarur hollarda Elchixona yoki Bosh konsulxonalarga murojaat etish mumkinligini eslatib o‘tdi.
Bunday beqaror vaziyatda hushyorlik va mas’uliyat har bir fuqaro uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Vatandoshlarimizni tinchlikni saqlash va qonunbuzarlikdan yiroq turishga chaqiramiz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar