date
views 272

Janubiy Afrikada suv toshqini va qorong‘u qish qurbonlari ortib bormoqda

Janubiy Afrikada suv toshqini va qorong‘u qish qurbonlari ortib bormoqda
Janubiy Afrika Respublikasida (JAR) hukm surayotgan og‘ir ob-havo sharoiti mamlakat aholisini jiddiy sinov oldida qoldirdi. Al Jazeera tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, kuchli yomg‘ir va haddan tashqari sovuq havo oqimi ayrim hududlarda tarixda kuzatilmagan suv toshqinlarini keltirib chiqardi. Mamlakatning yirik viloyatlaridan biri sanaladigan Sharqiy Keypda yuz bergan kuchli suv toshqini oqibatida hozirgacha kamida 57 kishi halok bo‘ldi.

Mintaqa ma’muriyati rahbari Oskar Mabuyane ma’lum qilishicha, tabiiy ofat sababli halok bo‘lganlar soni yana oshishi mumkin. Ayniqsa, bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlari hozircha davom etmoqda. Oqibatda, olti nafar maktab o‘quvchisi ham noqulay ob-havo qurboniga aylangani ma’lum qilindi.

Sharqiy Keypda eng ko‘p zarar OR Tambo munitsipal okrugiga yetgan. Qurbonlar orasida ko‘prikdan daryoga tushib ketgan maktab avtobusi yo‘lovchilari ham bor. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, yana bir necha bola hanuz topilmagan va ular bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Mabuyane aytishiga ko‘ra, halok bo‘lish holatlarining asosiy sababi - shiddatli yomg‘ir tufayli sodir bo‘lgan ko‘chkilar va yo‘llarda yig‘ilib qolgan qalin qor qatlamidir. Tabiiy ofat natijasida mamlakatning janubiy va sharqiy mintaqalarida bir qator yo‘llar yopildi, transport qatnovi qiyinlashdi, elektr ta’minoti yuz minglab xonadonlarda uzildi. Shaxsan Mabuyane bu kabi kuchli sinovni ilgari hech qachon ko‘rmaganini ta’kidladi.

Tabiiy ofatdan 58 ta maktab va 20 ta shifoxona ham zarar ko‘rgan. Yana 500 ga yaqin oila o‘z uyidan ayrilib, vaqtinchalik manzillarga joylashtirildi. Odamlar uylarini suv bosishi va kuchli shamol sababli vayron bo‘lishi, uy-joysiz qolishi holatlari tez-tez ro‘y bermoqda.

Sinoptiklar og‘ir ob-havo sharoiti boshlanishidan bir necha kun oldin xavf haqida ogohlantirgan edi. 9 iyun kuni kirib kelgan sovuq havo oqimi ayrim hududlarda tungi haroratning noldan ham pastga tushishiga sabab bo‘ldi. Mamlakatda boshlangan qish sinoptiklar tomonidan so‘nggi o‘n yillikdagi eng qattiq qishlardan biri bo‘lishi mumkin, deya baholanmoqda.

Mamlakatda tabiiy ofatlar bilan kurash davom etayotgan bir paytda, rasmiylar qurbonlar soni yana ortishi mumkinligini, barcha kuchlar qidirish-qautqaruv ishlariga safarbar etilganini ma’lum qilishmoqda. Ob-havoning shiddatli sovuqligi, to‘xtovsiz yomg‘ir va qor oqibatlari Janubiy Afrika aholisini sinovli kunlarga duchor qilmoqda.

Foto: Al Jazeera
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Janubiy Afrikada suv toshqini va qorong‘u qish qurbonlari ortib bormoqda