date

Yaponiya demografiyasi xavf ostida: tug‘ilishlar rekord darajada kamaydi

Yaponiya demografiyasi xavf ostida: tug‘ilishlar rekord darajada kamaydi
Yaponiya aholisi soni bo‘yicha yana bir qo‘rqinchli bosqichni bosib o‘tdi — mamlakatda 2024-yil yakunlariga ko‘ra, tug‘ilishlar soni ilk bor 700 minglik chegaradan pastga tushdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Yaponiyada atigi 686 ming chaqaloq tug‘ilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich mamlakatda rasmiy statistika yuritila boshlaganidan beri eng past natija hisoblanadi.

Bu holat Yaponiyani uzoq vaqtdan beri ta’qib qilib kelayotgan demografik inqirozning yanada chuqurlashib borayotganidan dalolat beradi. E’tiborlisi shundaki, 2022-yilda Yaponiyaning Aholi va ijtimoiy xavfsizlik milliy instituti 2039-yilgacha tug‘ilishlar soni 680 mingdan kamaymasligini taxmin qilgan edi. Ammo bu prognoz atigi ikki yil ichida amaldan chiqdi — bu esa vaziyatning jiddiyligi va kutilmaganda keskin yomonlashganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, mamlakatda umumiy fertillik darajasi ham pasayishda davom etmoqda. 2024-yilda Yaponiyada har bir ayol hisobiga 1,15 farzand to‘g‘ri keldi — bu 2023-yildagi 1,2 ko‘rsatkichdan ham past. Yaponiya jamiyatida fertillik ko‘rsatkichi 1973-yildan buyon tabiiy tiklanish me’yoridan past bo‘lib kelmoqda, bu esa aholi sonini tabiiy usulda barqaror saqlash imkonini yo‘qqa chiqarmoqda.

Bundan tashqari, nikohga kirish holatlari ham keskin kamaygan. Oxirgi ikki yil ichida yillik turmush qurish holatlari soni 500 mingdan oshmayapti. Bu esa nafaqat tug‘ilishlar sonini, balki umumiy ijtimoiy barqarorlikni ham xavf ostiga qo‘yadi.

Yaponiya hukumati aholi sonini barqarorlashtirish uchun turli choralar ko‘rayotgan bo‘lsa-da, bu tadbirlar samarasiz bo‘layotgani ayon bo‘lmoqda. Demografik tanglik mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Zamin.uz tahririyati Yaponiyadagi vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatmoqda va sizga dolzarb yangiliklarni taqdim etishda davom etadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiya demografiyasi xavf ostida: tug‘ilishlar rekord darajada kamaydi