date

Erdo‘g‘on: Isroil o‘z xatosini kech anglashi mumkin

Erdo‘g‘on: Isroil o‘z xatosini kech anglashi mumkin
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Isroilning Eronga qarshi uyushtirgan harbiy operatsiyasi haqida juda qat’iy bayonot bilan chiqdi. Uning ta’kidlashicha, bunday tajovuz G‘arb tomonidan so‘zsiz qo‘llab-quvvatlanayotgan Isroilning o‘zini jazodan xoli, deb hisoblashi natijasidir.

“Isroil G‘arbning cheksiz yordamiga suyanib, Eronga hujum qilmoqda, G‘azoni yer bilan bitta qilmoqda va mintaqa davlatlarini mensimayapti. Lekin u o‘z qilmishlarining oqibatini anglamayapti. Ehtimol, kelajakda tushunib yetar, ammo biz juda kech bo‘lishidan xavotirdamiz”, – dedi Turkiya rahbari Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng xalqqa qilgan murojaatida.

Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, mintaqada yuz berayotgan har bir voqelik butun dunyoga ta’sir qiladi. “Birgina mamlakatning ichki muammosi deb qaralgan voqea butun jahon xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Eronga qilingan hujum faqatgina Eron masalasi emas. Bu – butun mintaqa va jahon xavfsizligiga ta’sir etuvchi holat”, dedi u.

Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotni boshlaganini e’lon qildi. Rasmiy Tel-Aviv bu operatsiyani Eronning yadroviy dasturi “qaytib bo‘lmas nuqta”ga yaqinlashgani bilan izohladi. Hujumlar atom obyektlari, harbiy baza va yadro sohasidagi mutaxassislarga yo‘naltirildi.

Eron esa bu harakatlarga qattiq javob qaytarmoqda. Tehron Isroilga qarshi yuzlab raketalar va dronlar uchirib, harbiy va sanoat obyektlarini nishonga olmoqda. Qarshi tomonlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar kundan-kunga kuchayib, tinch aholi orasida qurbonlar soni ortib bormoqda.

Isroil manbalariga ko‘ra, Eronning zarbalari natijasida 20 dan ziyod inson halok bo‘lgan, 600 kishi tan jarohati olgan. Eron esa o‘z tomonida 220 dan ziyod qurbonlar va 1200 nafardan ortiq jarohatlanganlar borligini ma’lum qilgan.

Ikki davlat hozirgi kunda kundalik o‘zaro zarbalar almashish holatiga kelgan. Isroil Eronning yadroviy imkoniyatlarini butunlay yo‘q qilmaguncha, amaliyotni to‘xtatmasligini bildirdi. Eron esa bombardimonlar to‘xtamasa, o‘z himoyasini davom ettirishini aniq bayon qilmoqda.

Turkiya prezidentining murojaati ushbu keng ko‘lamli harbiy ziddiyat dunyo miqyosida qanday oqibatlarga olib kelishini eslatib turibdi. Mintaqada tinchlik va barqarorlik tiklanishi uchun barcha tomonlarni sabr va siyosiy yechim sari chorlash zarur.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Erdo‘g‘on: Isroil o‘z xatosini kech anglashi mumkin