date

Isroil uch kunda Eron raketalarining uchdan birini yo‘q qildimi?

Isroil uch kunda Eron raketalarining uchdan birini yo‘q qildimi?
Yaqin Sharqdagi ziddiyat yana dahshatli bosqichga o‘tmoqda. Isroil "Qaytayotgan sher" deb nomlangan harbiy operatsiya davomida Eronning raketalar imkoniyatlarini keskin zaiflashtirganini e’lon qildi. Rasmiy Tel-Aviv ma’lumotlariga ko‘ra, uch kunlik havo hujumlari natijasida Eronning uchirish qurilmalarining uchdan bir qismi yo‘q qilingan.

Isroil Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, Tehron jami 60 ta ballistik raketani ishga tushirishni mo‘ljallagan, ammo 20 tasi uchirilishidan oldinyoq yo‘q qilingan yoki uchish paytida tasirsizlantirilgan. Isroil tomoni buni keng ko‘lamli hujumni oldini olish yo‘lida katta muvaffaqiyat deb baholamoqda.

Shu bilan birga, Isroil rasmiylari Eron 8 mingta raketa to‘plash orqali mamlakat havo mudofaasini o‘ta yuklashga urinayotganini ta’kidlamoqda. Isroil armiyasining ta’riflashicha, Eron aholi yashash hududlarini nishonga olmoqda, biroq kuzatuvchilar so‘nggi to‘qnashuvlar davomida Isroil hujumlari natijasida 220 dan ortiq inson, jumladan ko‘plab ayollar va bolalar halok bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, Isroil armiyasi 170 dan ortiq strategik obyektni — yadro dasturiga oid markazlar, yoqilg‘i omborlari va mudofaa korxonalarini nishonga olgan. Hujumlar vaqtida yadro quroli ustida ish olib borgan 9 olim halok bo‘lgan. E’tirof etilishicha, ushbu operatsiya yillar davomida tayyorlangan, ammo bosh vazir Binyamin Netanyaxu uning rejalashtirilishi 8 oyda amalga oshganini aytdi.

Bu orada, Eron Isroil tomonidan aytilgan raketalar yo‘q qilingani haqidagi da’volarga hozircha munosabat bildirmadi. Ochiq manbalarga ko‘ra, Eron 13-iyundan beri 270 dan ortiq raketa va dron uchirgan. Mamlakatda minglab ballistik raketalar va yuzlab dronlar, jumladan Shahed-136 turi mavjudligi qayd etilmoqda. Ammo bu arsenalga yetkazilgan zarar darajasi hali aniq emas.

KSIRning sobiq qo‘mondoni Moxsen Rezai so‘zlariga qaraganda, hozircha Eron eski raketa turlarini ishlatgan, vaholanki, kelgusi zarbalar “ancha kuchli” bo‘lishi mumkin. Uning fikricha, hali Eronning haqiqiy kuchlari to‘liq faollashmagan.

Eron oliy rahbari Oyatullo Ali Xomanaiy esa kamdan-kam uchraydigan murojaatida Isroilni “urushni boshlaganlikda” ayblab, uning oqibatlari og‘ir bo‘lishini aytdi. U “sionist rejim tizzasiga yiqiladi” deya qattiq javob berishga va’da berdi.

Eron tomoni zarbalarni “kuchli va aniq qasos” sifatida baholamoqda va Isroil yoki uning ittifoqchilari tajovuzni davom ettirsa, “yangi bosqichdagi hujumlar” amalga oshirilishini ogohlantirmoqda. Ushbu harakat "Haqiqiy va’da III" nomi bilan tarixga kirib boryapti.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil uch kunda Eron raketalarining uchdan birini yo‘q qildimi?