date

Pokiston xavotirda: Eron-Isroil mojarosi chegaraviy tahdidga aylandi

Pokiston xavotirda: Eron-Isroil mojarosi chegaraviy tahdidga aylandi
Yaqin Sharqdagi harbiy qarama-qarshilik faqat mintaqa ichidagina emas, balki unga qo‘shni davlatlarda ham xavotir uyg‘otmoqda. Ayniqsa, Eron va Isroil o‘rtasidagi so‘nggi kuchaygan harbiy mojaro Pokiston xavfsizlik tizimlarida jiddiy xavf sifatida baholanmoqda.

Pokiston hukumati Isroilning Eron hududidagi yadroviy markazlar va harbiy rahbarlarga qarshi uyushtirgan hujumlarini keskin qoraladi. O‘z navbatida, Eron tomonidan yuzlab raketalar bilan Isroilga javob qaytarilgan, bu esa yuzdan ortiq insonning hayotiga zomin bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Shu fonida Pokiston rasmiylari 15-iyundan boshlab Eron bilan chegaradagi beshta muhim o‘tish bekatini vaqtincha yopdi. Bu chora — xavfsizlik tahdidlariga javoban amalga oshirilgan tezkor profilaktik harakat sifatida baholanmoqda.

Ta’kidlash joizki, 2024-yil boshida Pokiston va Eron o‘rtasida qisqa muddatli raketa zarbalari almashilgan, ammo tomonlar keyinchalik diplomatik yo‘l bilan aloqalarni tiklashga muvaffaq bo‘lgandi. Biroq hozirgi holatda Eron-Isroil to‘qnashuvi yana chegara xavfsizligini dolzarb muammoga aylantirmoqda.

Xususan, Balochiston mintaqasidagi ayrim separatistik guruhlar Eron hududi orqali Pokistonga kirib kelish ehtimoli borligi, IShID kabi ekstremist tuzilmalar faollashishi va milliy xavfsizlikka tahdid tug‘dirishi haqida xavotirlar bildirildi.

Pokiston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Talal Chaudriy xalqaro hamjamiyatni mojaroning oldini olish va dialogga chorlayotgan bo‘lsa, tashqi ishlar vaziri Ishoq Dar Eron Tashqi ishlar vaziri bilan muloqot o‘tkazganini va Tehron muzokaralarga tayyor ekanini e’lon qildi.

Tahlilchilarning fikricha, Pokiston mojaro markazida bo‘lishni istamaydi. Aksincha, u xavfsizlikni mustahkamlash, o‘z hududiy daxlsizligini saqlab qolish va Eron, AQSH hamda xalqaro tuzilmalar bilan barqaror aloqalarni muvozanatli yuritishga intilmoqda.

Bundan tashqari, Isroilning Eron ustidagi havo ustunligi masalasi ham Islomobodda xavotir uyg‘otmoqda. Ekspertlarga ko‘ra, agar Isroil harbiy kuchlari Eron havo hududida doimiy nazorat o‘rnatsa, bu Pokistonning g‘arbiy chegaralaridagi strategik muvozanatni izdan chiqarishi mumkin.

Mintaqadagi bu mojaroga xalqaro e’tibor ortib borar ekan, Pokiston o‘z milliy manfaatlarini himoya qilish bilan birga, barqarorlikni saqlashda faol vositachilik o‘ynashga ham intilayotgani ko‘zga tashlanmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pokiston xavotirda: Eron-Isroil mojarosi chegaraviy tahdidga aylandi