
Yaqin Sharqdagi harbiy taranglik yana avj oldi. Eronning tongdagi raketali hujumlari Isroilning bir necha muhim nuqtalarini nishonga oldi. Tel-Aviv atrofidagi Gush Dan hududida uchta kuchli zarba qayd etildi, Holon shahrida bir bino butunlay qulab tushdi. Yana bir zarba Soroka kasalxonasi yaqinidagi maydonga berilgani, hodisaning qanchalik jiddiy ekanidan dalolat beradi.
Soroka kasalxonasi Isroildagi eng yirik tibbiy markazlardan biri bo‘lib, ayni paytda G‘azodan keltirilgan yarador askarlarni qabul qilayotgan edi. Hujumda raketa bevosita kasalxonani emas, yonidagi binoga urilgan. Biroq portlash to‘lqinlari natijasida kasalxona ham zararlangan va tibbiyot xodimlari aholini u yerga yaqinlashmaslikka chaqirishga majbur bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Eron raketalarining bu hujumi natijasida Isroilda 47 kishi turli darajada jarohat olgan. Isroilning tez yordam xizmati ma’lumotlariga qaraganda, jarohatlanganlardan uch nafari og‘ir ahvolda, ikki nafari o‘rtacha holatda, qolganlari esa yengil jarohat olgan. Ayniqsa, 18 kishi boshpanalarga yugurib ketayotganda turli shikastlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Bundan tashqari, Eronning payshanba kungi hujumlarida Tel-Aviv mintaqasidagi Ramat Gan hududi va Isroil fond birjasi binosi ham zarar ko‘rdi. The Times of Israel nashri xabar berishicha, ushbu hujumlarda kamida 20 kishi yengil jarohatlangan.
Isroil armiyasi (IDF) rasmiy ravishda Erondan uchirilgan raketalar Be’er-Shevadagi yirik Soroka kasalxonasi yoniga urilganini tasdiqladi. IDF aholidan hozircha xavfsiz xonalarda yoki umumiy boshpanalarda qolishni so‘rab, maksimal ogohlikka chaqirdi. Televideniye orqali kasalxonadan tutun ko‘tarilayotgani namoyish etildi, tibbiy markazda zararni baholash ishlari olib borilmoqda.
Al Jazeera telekanali muxbiri Nur Odehning ma’lum qilishicha, Soroka kasalxonasiga yetgan zarar bevosita raketa zarbasidan emas, portlash to‘lqini sababli yuzaga kelgan. Bu Eron davlat OAVlari tomonidan "nishon kasalxona emas, balki yaqindagi harbiy infratuzilma" bo‘lgani haqidagi da’volarni tasdiqlaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mish-mishlardan farqli ravishda, Isroil tez yordam xizmati kasalxonadan xavfli moddalar sizib chiqmayotganini rasman ma’lum qildi. Isroil rasmiysi Tel-Avivdagi Fond birjasi binosi ham zararlanganini qo‘shimcha qildi.
Eron axborot agentligi IRNA tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, bugungi tongdagi raketali hujumning asosiy nishoni — Isroil armiyasi bosh shtabi va razvedka markazi (IDF C4I) bo‘lgan. Mazkur obyekt Be’er-Shevadagi Soroka kasalxonasi yaqinida joylashgan. IRNA ta’kidlashicha, kasalxonaga yetgan zarar portlash to‘lqini natijasida yuzaga kelgan.
Isroil armiyasi esa javob tariqasida, tunda Eron bo‘ylab bir qator muhim strategik obyektlarga aviaraketali hujumlar uyushtirganini e’lon qildi. Jumladan, Arak shahridagi og‘ir suv reaktori, Natanzdagi yadroviy qurol ishlab chiqarish obyekti, va ballistik raketalar uchun qismlar tayyorlaydigan korxonalar nishonga olingan. Harbiylar ma’lumotlariga ko‘ra, yadro reaktori muhriga berilgan zarba Erondagi plutoniy ishlab chiqarishni cheklashga qaratilgan.

Yakunda, ikki tomonning o‘zaro hujumlari mintaqada xavfli keskinlik va yangi tahdidlar bosqichini boshladi. Isroil va Eron o‘rtasidagi mazkur harbiy qarama-qarshilik nafaqat mintaqaning, balki butun dunyo jamoatchiligining diqqat markaziga aylandi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar