date

Eron ogohlantirdi: AQSH hujum qilsa, javobi og‘ir bo‘ladi

Eron ogohlantirdi: AQSH hujum qilsa, javobi og‘ir bo‘ladi
Yaqin Sharqdagi mojarolar fonida Eron va AQSH o‘rtasidagi keskinlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem Garibabadi AQSHga murojaat qilib, Tehron urushni istamasligini, ammo har qanday harbiy tahdidga qarshi turishga tayyorligini qat’iy ta’kidladi.

“Zarurat tug‘ilsa, Eron tajovuzkorlarga munosib javob qaytarishga tayyor”, — degan Garibabadi Reuters agentligiga bergan bayonotida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron qurolli kuchlari har qanday ehtimolga qarshi harakat rejalarini ishlab chiqqan va zarurat bo‘lsa, harbiy kuch ishlatishdan tortinmaydi.

Shu bilan birga, The Guardian manbalarining yozishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Eronni nishonga olishga tayyor, biroq u bunga bitta shart bilan rozi — bu esa Erondagi yadro markazi hisoblangan Forodo obyektini faqat bitta kuchli zarba bilan butunlay yo‘q qilish kafolati.

Tramp GBU-57 deb nomlangan, 13,6 tonnalik yerosti bunkerlarni yorib o‘tishga qodir bomba yordamida Forodo majmuasi yakson qilinishi kerakligini aytgan. Biroq Pentagon vakillari bu qurol obyektni ishdan chiqarishi mumkinligini tan olsa-da, uni to‘liq yo‘q qilinishiga kafolat berolmayapti. Isroil razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, obyekt yer sathidan 90 metr chuqurlikda joylashgan.

Maxfiy harbiy hisobotlarda aytilishicha, Forodoni butkul yo‘qotish uchun avval yer yuzasiga oddiy bombalar bilan zarba berilib, qatlam “yumshatiladi”, shundan so‘ng B-2 bombardimonchilari orqali ehtimoliy taktika yadroviy zarbasi kiritilishi kerak bo‘ladi. Ammo Tramp bu ssenariyni keskin rad etmoqda.

Ekspertlar fikricha, harbiy ehtimollar faollashayotgani fonida diplomatik imkoniyatlar tobora cheklanib bormoqda. Shunday bir vaziyatda, har bir qaror mintaqa taqdiriga ta’sir qilishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eron ogohlantirdi: AQSH hujum qilsa, javobi og‘ir bo‘ladi