
AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden so‘nggi paytlarda o‘z qarorgohini tashlab, Delaverdan Vashingtonga poyezdda qatnab, sirli faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. Ma’lum qilinishicha, Bayden ayni vaqtda poytaxtdagi vaqtinchalik ofisida noma’lum loyiha ustida mehnat qilmoqda. Bu haqda New York Post gazetasi maxsus tahliliy maqola e’lon qildi.
Baydenning yaqin doirasidagi manbalar ta’kidlashicha, sobiq prezident haftaning ko‘p qismini Vashingtonda o‘tkazmoqda va uning bunday faolligi atrofida hozirda jiddiy savollar tug‘ilmoqda. "Bu haqiqatan ham jumboq", — deydi Bayden ma’muriyatining sobiq a’zolaridan biri. Biroq jamoa vakillari ommaviy axborot vositalarining bu boradagi savollariga javob berishdan qochmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Baydenga sobiq prezident sifatida Vashington markazidagi ofis 2024 yil iyuliga qadar bepul taqdim etilgan. Ushbu joyda u Kongress a’zolari, Demokratlar partiyasi rahbarlari hamda sobiq yoki hozirgi yordamchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Shuningdek, telefon orqali siyosiy aloqalarni saqlab qolishga harakat qilmoqda.
Taxminlarga qaraganda, Bayden o‘z nomiga kutubxona va fond ochish, shuningdek, xotiralariga bag‘ishlangan kitob yozish niyatida. Bu uning siyosiy hayotini yakunlovchi muhim loyihaga aylanishi mumkin.
Shu bilan birga, Bayden oilasining moliyaviy ahvoli ham muhokama markaziga aylangan. Gazeta manbasining ma’lum qilishicha, u 400 ming dollarlik maoshdan mahrum bo‘lgandan keyin Baydenlar oilasi iqtisodiy bosimga duch kelgan.
Sobiq prezidentning shaxsiy hayotidagi yana bir jiddiy tahlikali yangilik — unda prostata bezi saraton kasalligi aniqlangani bo‘ldi. 82 yoshli Bayden may oyining o‘rtalarida shifokorlar tomonidan tekshiruvdan o‘tkazildi va mutaxassislar uning bezida kichik tugun borligini hamda saraton ildiz otganini ma’lum qilishdi. Afsuski, kasallik allaqachon to‘rtinchi bosqichga yetib, suyaklarga metastaz tarqatgan.
Bunday vaziyatda Baydenning Vashingtondagi faolligi, uning kelgusidagi naqd va siyosiy rejalari yangi muammolarni tug‘dirishi mumkin. Sog‘lig‘iga bog‘liq xavotirlar va moliyaviy jihatdan bosimda ekani, sobiq prezidentni jiddiy sinovlar oldida qoldirgani aniq. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar