
2025-yil 20-iyun kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi sud tomonidan jurnalistlarga nisbatan chiqarilgan hukm jamoatchilik va xalqaro tashkilotlar e’tiborini tortdi. Sud qaroriga asosan, yetti nafar jurnalist turli muddatlarga — 7,5 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.
Qamalganlar orasida Abzas Media nashrining rahbari Ulvi Hasanli, bosh muharrir Sevij Vagifqizi, tahqiqotchi jurnalist Hofiz Babali hamda “Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi” muxbiri va iqtisodchi Farid Mehralizoda kabi taniqli shaxslar bor. Ularning har biriga 9 yillik qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, Abzas Media muxbirlari Nargiz Absalamova va Elnara Gasimova 8 yilga, nashr direktori o‘rinbosari Mahammad Kekalov esa 7 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud tomonidan ularga nisbatan “kontrabanda”, “soliqdan bosh tortish” va “noqonuniy daromadlarni qonuniylashtirish” moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani xabar qilingan. Biroq qamalganlar va ularning advokatlari bu ayblovlarni rad etib, ishni to‘liq siyosiy sabablarga ega deb hisoblashmoqda. Xususan, “Ozodlik” muxbiri Farid Mehralizoda ayblovlarni asossiz, deb baholab, jamoatchilikka murojaat qilgan.
Ushbu voqea nafaqat mahalliy, balki xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va OAV erkinligini himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan ham katta e’tibor bilan kuzatilmoqda. Ko‘plab kuzatuvchilar va faollar bu ishni Ozarbayjonda so‘z erkinligiga bo‘lgan bosim deb baholamoqda.
Jurnalistlar taqdiri yuzasidan muhokamalar hali ancha davom etishi kutilmoqda. Bu voqea esa Ozarbayjonda OAV faoliyati, hokimiyat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar