
Buyuk Britaniyada hukumat xizmatchilariga ish faoliyati uchun berilgan mobil qurilmalarning yo‘qolishi jiddiy muammoga aylanmoqda. The Guardian nashri yozishicha, so‘nggi bir yil ichida 2 mingdan ortiq smartfon, planshet va noutbuk yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan. Yo‘qolgan texnika o‘rnini bosish uchun kamida 1,3 million funt sterling mablag‘ kerak bo‘ladi.
Eng ko‘p yo‘qotish holatlari Mehnat va pensiya ta’minoti vazirligida qayd etilgan — bir yilda 240 ta noutbuk va 125 ta telefon. Vazirlar Mahkamasida esa 66 ta noutbuk va 124 ta mobil telefon yo‘qolgan. Joriy yilning ilk besh oyida Mudofaa vazirligi 103 ta noutbuk va 387 ta telefonni yo‘qotgan.
Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar ushbu holatni jiddiy xavf deb baholamoqda. Surrey universiteti professori Alan Vudvordning ta’kidlashicha, bu miqdordagi yo‘qotish hakerlar uchun ulkan imkoniyat yaratadi. «Agar yo‘qolgan qurilmalarning atigi 1 foizi tizim administratorlariga tegishli bo‘lsa ham, bu katta xavf», — deydi u.
Mudofaa vazirligi va Angliya banki yo‘qolgan qurilmalar hukumat ma’lumotlarini shifrlash orqali himoya qilganini ma’lum qilgan. Biroq o‘g‘irlik holatlari bo‘yicha alohida tergov ishlari olib borilayotgani ham qayd etilgan.
Mazkur voqea Britaniyada davlat organlari axborot xavfsizligi va xizmat texnikalari nazorati masalasini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Mutasaddilar bundan keyin bunday holatlarni oldini olish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rilishi kerakligini ta’kidlamoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar