date

Yevropa oltinini AQSHdan olib chiqish talabi: geosiyosiy xavotir va mustaqillik

Yevropa oltinini AQSHdan olib chiqish talabi: geosiyosiy xavotir va mustaqillik
Jahon moliyaviy tizimida yangi muammoli masala muhokamalar markaziga aylandi: Yevropa davlatlariga tegishli milliardlab dollarlik oltin zaxiralari nega AQSHda saqlanmoqda va bu zaxiralar vatanga qaytarilishi kerakmi? Mana shunday savollar Yevropa parlamentining sobiq deputati Fabio De Masi tomonidan ko‘tarildi va bu haqda Financial Times nashri atroflicha ma’lumot berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniya va Italiya AQSHdan keyin dunyodagi eng yirik oltin zaxiralariga ega davlatlar hisoblanadi. Germaniyada 3352 tonna, Italiyada esa 2452 tonna oltin bor. Ular o‘z zaxiralarining katta qismini – ya’ni 245 milliard dollarlik quymalarini – hozirda Amerikadagi Federal zaxira tizimida saqlashda davom etmoqda.

Oltinni qaytarish taklifining kun tartibiga chiqishiga esa bir nechta omillar sabab bo‘ldi. Birinchidan, AQSH prezidenti Donald Trampning Federal zaxira tizimiga qaratilgan tanqidlari va unga bir necha bor hujum qilishi Yevropa davlatlarining xavotirini kuchaytirdi. Ikkinchidan, jahondagi geosiyosiy beqarorlik fonida, Germaniya va Italiya siyosatchilari o‘z zaxiralari ustidan to‘liq va mustaqil nazoratni ta’minlash lozimligini ta’kidlay boshlashdi.

Bavariyadagi Xristian-ijtimoiy ittifoqidan sobiq deputat Peter Gauvayler fikricha, Bundesbank oltin zaxiralarini saqlashda hech qanday murosa qilmasligi kerak va milliy manfaat ustuvor bo‘lishi shart. “So‘nggi o‘n yillikda oltinni xorijda saqlash xavfsiz va barqaror bo‘ldimi, buni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak”, – dedi u.

Shu bilan birga, Yevropa soliq to‘lovchilar uyushmasi ham Germaniya va Italiya moliya vazirligi hamda markaziy banklaridan Federal zaxiraga qaramlikni qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, AQSHdagi oltin ustidan to‘liq nazorat qilishning iloji yo‘q va “Trampning Federal zaxira mustaqilligiga putur yetkazayotgani” Yevropada jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Qimmatbaho metallar bo‘yicha ekspert Piter Beringer esa oltinni vatanga qaytarish g‘oyasi AQSHning hozirgi ma’muriyatiga emas, balki inqiroz paytida aktivlar ustidan to‘liq yuridik va jismoniy nazorat qilish zarurati bilan bog‘liqligini alohida ta’kidladi. “Oltin – markaziy banklar uchun so‘nggi choradagi aktiv. Shuning uchun uni o‘z hududida, uchinchi shaxslar uchun xavf-xatarsiz saqlash juda muhim”, – deydi mutaxassis.

Yakunda aytish mumkinki, Yevropa davlatlarining oltin zaxiralarini AQSHdan olib chiqish masalasi hozir nafaqat iqtisodiy, balki strategik muammoga aylandi. Bunday vaziyatda esa, oltinning qaysi joyda saqlanishi ustidan olib boriladigan siyosiy va yuridik nazorat barcha tomon uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropa oltinini AQSHdan olib chiqish talabi: geosiyosiy xavotir va mustaqillik