
Eron tomonidan AQSHning Qatardagi Al-Udeyd harbiy-havo obyektiga olti dona raketa yo‘llandi. Bunga javoban Qatar hukumati barcha raketalarning havo mudofaasi tizimi orqali zararsizlantirilganini ma’lum qildi. Reuters axborot agentligining guvohlarga tayangan xabariga ko‘ra, Dohada portlashlarga o‘xshash tovushlar eshitilgan — bu mudofaa tizimlarining ishga tushganidan darak beradi. Axios manbalarining ta’kidlashicha, Eron harbiy kuchlari AQSHning ushbu mintaqadagi bazasini aynan olti raketa bilan nishonga olgan.
Qatar poytaxti Dohadan janubi-g‘arbiy tomonda joylashgan Al-Udeyd aviabazasida AQSH Markaziy qo‘mondonligining (CENTCOM) operativ shtabi joylashgan.
Islom inqilobi muhofizlari korpusining bayonotida Eron tomonidan AQSHning muhim strategik harbiy manzillaridan biri bo‘lgan Al-Udeyd bazasiga raketalar yo‘llangani tasdiqlandi.
Eron Milliy xavfsizlik kengashining ma’lum qilishicha, zarbalar AQSH ilgari ishlatgan bombalar soniga mutanosib tarzda amalga oshirilgan. Qatar rasmiylarining ta’kidlashicha, hujumga uchragan Amerika obyektlari aholining yashash hududlaridan chetroqda joylashgan.
Shuningdek, Qatar havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan Eronning hujumlari to‘liq bartaraf etilgani haqida xabar berdi. 23 iyun kuni kechasi Qatar xavfsizlik ehtiyojlaridan kelib chiqib, o‘z havo hududini vaqtincha yopdi hamda fuqarolarga keyingi rasmiy ko‘rsatmalargacha xavfsiz joylarda qolishni tavsiya etdi. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi esa o‘z fuqarolariga Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarga safar qilishdan tiyilishni tavsiya qildi.
Eslatib o‘tamiz, 22 iyun kuni AQSH Harbiy-havo kuchlari Eronning yadroviy obyektlariga zarba bergan edi. Shundan so‘ng, AQSH razvedka xizmati Erondan mintaqadagi AQSH obyektlariga javob hujumlari bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar