date

Eronning kiber salohiyati: AQShga xavf solayotgan zamonaviy tahdid

Eronning kiber salohiyati: AQShga xavf solayotgan zamonaviy tahdid
So‘nggi yillarda dunyoda urush va mojaro uslublari keskin o‘zgarib bormoqda. Endilikda jang maydoni nafaqat yerda, balki internet tarmoqlarida, serverlarda, sanoat tizimlarida ham kechmoqda. Bu borada Eronning kiber salohiyati dunyo ekspertlarini tobora ko‘proq tashvishga solmoqda, ayniqsa, AQSh bilan keskinlashgan vaziyat fonida.

Kiber kuchlar: Eronning yangi quroli
2000-yillar o‘rtalarida AQSh va Isroil tomonidan Eronning yadro dasturiga qarshi ishlatilgan “Stuxnet” nomli kompyuter virusi ushbu mamlakatni kiberxavfsizlik sohasiga jiddiy e’tibor qaratishga majbur qildi. Tehron oradan 15 yil o‘tib, bugun raqamli urushda o‘z o‘rnini mustahkamlab bo‘ldi.

Eron kiberarmiyasi o‘zining zararli dasturlari orqali yirik hujumlarni amalga oshirgan. Masalan, 2012-yilda Saudiya Arabistonining "Saudi Aramco" neft kompaniyasiga qilingan hujum natijasida 30 000 dan ortiq kompyuter ishdan chiqdi va mamlakatda neft ishlab chiqarish yarmiga qisqardi. 2014-yilda esa Isroil tarafdori bo‘lgan amerikalik milliarderga tegishli "Sands" kazino tarmog‘iga zarba berildi.

Kiberhujumlar orqali "javob"
Yaqinda AQSh Eronning yadro inshootlariga havodan zarba berdi. Mutaxassislarning fikricha, Eron bunday harakatlarga qarshi javobni kiberxurujlar orqali berishi mumkin. Bunday hujumlar real harbiy to‘qnashuvlarga olib kelmasdan turib, raqibga bosim o‘tkazish usuli sifatida foydalidir. Bu esa Eron uchun ayni muddao — AQShga bevosita harbiy zarba bera olmaydi, ammo raqamli maydonda zarar yetkazish imkoniyati mavjud.

Hozircha AQShda Eron bilan bog‘liq kiberhujumlar kuzatilmagan. Biroq hukumat va mutaxassislar tayyorgarlik holatida. Ehtimoliy xavflar orasida vebsaytlarni buzish, xizmatdan mahrum qilish (DDoS) hujumlari va maxfiy josuslik faoliyatlari bor.

AQSh Ichki xavfsizlik departamentining ogohlantirishicha, Eron tarafdori bo‘lgan "xaktivistlar" – ya’ni mustaqil ko‘rinadigan, ammo rasmiy rejimga xizmat qiluvchi guruhlar – vebsaytlarni buzishi yoki ishdan chiqarishi mumkin. Bunday hujumlar nafaqat texnik, balki psixologik zarba sifatida ham foydali — ular orqali ichki auditoriyani “javob qaytarildi” degan ruhda qiziqtirish mumkin.

Bu holat shuni ko‘rsatadiki, Eron javob berishga shoshilmasligi mumkin, biroq mudroq holatda kuzatish olib boradi, tahlil qiladi, va zarur paytda “yolg‘iz bo‘ri” uslubida javob berishi ehtimoldan xoli emas.

O‘zbekiston uchun saboq: raqamli xavfsizlikning dolzarbligi
Eron va AQSh o‘rtasidagi bu kiberqarama-qarshilik O‘zbekiston kabi davlatlar uchun ham muhim saboqdir. Bugungi global tahdidlar orasida kiberxavfsizlik masalasi eng ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Infratuzilma, davlat boshqaruvi, energetika tizimlari va hatto ijtimoiy tarmoqlar – bularning barchasi kiberhujumlar nishoniga aylanishi mumkin.

Shu boisdan ham O‘zbekiston kiberxavfsizlik sohasidagi imkoniyatlarini kuchaytirish, yosh mutaxassislarni tayyorlash va xalqaro tajribalarni o‘rganish orqali o‘zini raqamli maydonda himoya qila oladigan davlatga aylanishi kerak.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eronning kiber salohiyati: AQShga xavf solayotgan zamonaviy tahdid