
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinning hududiy da’volari Ukraina bilan cheklanmasligi mumkinligini ta’kidladi. 25 iyun kuni NATO sammiti doirasidagi Haagada o‘tkazilgan matbuot anjumanida u bu masalaga alohida to‘xtalib, “Menimcha, bu ehtimoldan xoli emas”, deya javob berdi.
Tramp so‘zlariga ko‘ra, Putin urushni tugatishni istaydi, chunki bu uning uchun “butunlay chalkashlikka aylanib ulgurgan”. Unga ko‘ra, Rossiya rahbari yaqinda unga qo‘ng‘iroq qilgan va Eron masalasida yordam taklif qilgan. Biroq Tramp “boshqa masalalarda Rossiya bilan hamkorlik qilish manfaatliroq”, deb javob qaytarganini aytdi.
Amerika siyosatchisi Putinni “adashgan inson” deb atadi va “Men bu muammoni ancha oson hal qilaman, deb o‘ylagandim”, deya afsus bildirdi. Jurnalistlar Trampdan nega saylovoldi va’dasi — besh oy ichida urushni tugatish amalga oshmadi, deb so‘rashganda, u “Putin juda og‘ir shaxs ekanligini ko‘rsatdi, Zelenskiy bilan ham ayrim muammolar bo‘ldi”, deb javob berdi.
Kecha Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Uning aytishicha, bu uchrashuv davomida “faqat uning ahvoli bilan qiziqdi”, ya’ni otishmani to‘xtatish masalasi muhokama qilinmadi. “Men Putin bilan yana gaplashmoqchiman. Buni to‘xtatishning iloji bormi-yo‘qmi, bilish kerak. Oxirgi haftada qariyb 7 ming askar halok bo‘lgan. Bu aql bovar qilmas fojia”, — dedi Tramp.
Zelenskiy esa o‘z navbatida Patriot mudofaa tizimlari va AQSH bilan dronlar ishlab chiqarish borasida hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib borganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Trampga Rossiya delegatsiyasi bilan Istanbuldagi muzokaralar, asirlar va jasadlarni almashish masalalari haqida ham ma’lumot berganini bildirdi. “Biz jang maydonlaridagi voqelikni muhokama qildik. Putin g‘alaba qozonayotgani yo‘q. Men haqiqiy faktlarni taqdim etdim”, — dedi Zelenskiy.
Ayni paytda, G‘arb davlatlari va harbiy tahlilchilar Rossiya prezidenti NATOga qarshi keng qamrovli hujum tayyorlayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda. Ular kelasi 3–5 yilda Boltiqbo‘yi davlatlar — Latviya, Litva yoki Estoniyaga tahdid yuzaga chiqishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Putinning harbiy xarajatlari yalpi ichki mahsulotning 7 foiziga yetgani va bu davlat budjetining uchdan bir qismiga tenglashgani e’tiborli holatdir. Shu bilan birga, Rossiya Finlyandiya va Boltiq mamlakatlari bilan chegaradosh hududlarda yangi armiya bazalari, qurol-yarog‘ omborlari va shtablar qurishni jadal davom ettirmoqda. Bu esa xavf-xatarning jiddiylashuvidan darak berishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar