date

Yaponiyada "Twitter qotili" laqabli jinoyatchi qatl etildi

Yaponiyada "Twitter qotili" laqabli jinoyatchi qatl etildi
2025-yil 27-iyun kuni ertalab Yaponiya poytaxti Tokiodagi qamoqxonada Takahiro Shiraishi ismli mahkum qatl etildi. U 2017-yilda Kanagava prefekturasining Zama shahrida 9 nafar yosh yigit va qizlarni o‘ldirganlikda aybdor deb topilgan edi. Bu Yaponiya hukumatining 2022-yildan beri ilk marotaba amalga oshirgan qatl jazosidir hamda Ishiba kabineti ish boshlaganidan beri birinchi marta qatl hukmi ijro etildi.

Shiraishi Twitter orqali o‘z qurbonlarini topgan. U o‘zini “o‘lim sherigi” deb tanishtirib, o‘z joniga qasd qilish istagini bildirgan yoshlar bilan bog‘langan. Ushbu yoshlar orasida o‘rta maktab va universitet talabalari bo‘lgan. Ular ishonch bildirganidan so‘ng, Shiraishi ularni o‘z yashash joyiga taklif qilgan, u yerda esa ularga jinsiy tajovuz qilgan, so‘ngra ularni o‘ldirib, pullarini o‘zlashtirgan.

Bu hodisa nafaqat Yaponiya, balki butun dunyo ijtimoiy tarmoqlarning xavfli jihatlari borasida jiddiy xavotir uyg‘otdi. Shiraishi o‘z jinoyatini quyidagicha izohlagan edi: “Men ruhiy muammolari bo‘lgan ayollarni nishonga olardim, chunki ularni aldatish oson edi.”

2020-yil sentabr oyida boshlangan sudda Shiraishi o‘z aybini tan oldi. Uning advokati bu holatni “rozilik asosida qilingan o‘ldirish” deb talqin qilishga urindi, bu esa qattiqroq jazo o‘rniga yengilroq jazoni nazarda tutadi. Biroq sud bu da’voni rad etdi. 2020-yil dekabr oyida Tokioning Tatikava tuman sudi uni o‘lim jazosiga hukm qildi. Shiraishi bu hukm ustidan apellyatsiya berdi, ammo keyinchalik o‘zi uni qaytarib oldi.

2025-yil 23-iyun kuni Yaponiyaning Adliya vaziri Suzuki rasmiy ravishda qatl qarorini imzoladi. 27-iyun kuni esa hukm ijro etildi. Hozirda Yaponiyada qamoqxonada 105 nafar o‘lim jazosi kutayotgan mahkum mavjud.

Jabrlanganlarning oila a’zolari va tanishlari ushbu voqeaga turlicha munosabat bildirdi. Ba’zilar qatldan xursand bo‘lishgan bo‘lsa, boshqalar Shiraishi tirik qolib, o‘z qilgan ishini anglab yetishini istashgan.

17 yoshli qizning otasi shunday degan: “Uning o‘limi bilan hech nima o‘zgarmaydi. Menimcha, u tirik qolib, qilgan jinoyatlari ustida o‘ylashi kerak edi.” Boshqa jabrlanganlardan biri, 20 yoshli yigitning do‘sti esa: “Do‘stim qaytmaydi. Qatl jazosi bu voqeaga yakun bo‘la olmaydi,” – deydi.

Yaponiyada ushbu jinoyatdan so‘ng “o‘z joniga qasd qilishga undovchi axborotlar” bilan bog‘liq 6500 dan ortiq postlar aniqlangan. Shu sababli, Yaponiyada davlat tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda xavfli kontentni nazorat qilish kuchaytirildi, yoshlar bilan ishlovchi tashkilotlarga moliyaviy yordam ajratildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiyada "Twitter qotili" laqabli jinoyatchi qatl etildi