
Rossiyalik yosh bokschi Anastasiya Luchkinaning qilmishi nafaqat jamoatchilik, balki ekologik tuzilmalar tomonidan ham qattiq tanqidga uchramoqda. Uning "Taygan" hayvonot bog‘ida elektron sigaret chekib turgani va uni hatto orangutanga ham uzatgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi, deb xabar berdi shot telegram kanali.
Kadrlarda u bir necha marta bu xatarli harakatni takrorlayotgani ko‘ringan. Shu kunlarda esa, aynan o‘sha maymun — "Dana" laqabli yagona Qrim orangutani — o‘zini butunlay notinch tutayotgani ma’lum bo‘ldi.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, maymunning ishtahasi yo‘qolgan, u odamlar bilan muloqot qilishni xohlamay qolgan va butun kun davomida harakatsiz holda yotib olmoqda. Bu holat uning salomatligi jiddiy ravishda xavf ostida ekanidan dalolat beradi.
Ayni paytda asosiy gumon — orangutan elektron sigaret kartridjini yutib yuborgan bo‘lishi mumkin. Unda taxminan 2,5–3 millilitr nikotinli suyuqlik bo‘lgan, bu esa hayvonning oshqozoniga tushsa, og‘ir zaharlanishga sabab bo‘lishi aniq. Veterinarlar tekshiruvlarni davom ettirmoqda, natijalar esa yaqin kunlarda e’lon qilinadi.
Anastasiya Luchkinaning murabbiyi Vladimir Akatov jurnalistlar savollariga qisqa javob berdi:
— Anastasiyaning sigaret chekishini bilmas edim. U hozir ta’tilda. Qaytgach, bu masalani albatta muhokama qilamiz, – dedi u.
Eslatib o‘tamiz, "Dana" 2018 yildan buyon Qrimdagi mazkur bog‘da yashaydi va "Qizil kitob"ga kiritilgan orangutan turining jonivoridir. U butun Qrimda bunday turdagi yagona maymun hisoblanadi.
Ko‘pchilik foydalanuvchilar va ekologlar mazkur holat bo‘yicha rasmiy choralar ko‘rilishi, bokschiga nisbatan javobgarlik belgilanishi kerakligini ta’kidlamoqda. Chunki inson xato qilsa, uni kechirsa bo‘ladi, ammo bu holatda hayvon azob chekmoqda — bu esa kechirib bo‘lmas xatodir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar