
Texas shtatidagi Gvadalupe daryosining toshishi va yog‘ingarchilikning keskin kuchayishi AQSHda navbatdagi fojiali tabiiy ofatga olib keldi. Rasmiy manbalarga ko‘ra, yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida kamida 13 nafar inson halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
Bu haqda The New York Times mahalliy hokimiyat idoralariga tayangan holda xabar tarqatdi. Jabrlanganlar soni ortishi mumkinligi aytilyapti, chunki hozirda seldan jabrlangan hududlarda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, Texasdagi yozgi dam olish lagerlaridan birida 20 nafar qiz bedarak yo‘qolgani haqida ham ma’lumot berilgan. Kutilmagan tabiiy ofat oqibatida ular bilan aloqa uzilgan, hozirda maxsus xizmatlar havo va suv orqali ularni izlashni davom ettirmoqda.
Qidiruv ishlariga kuchli yomg‘ir va havo sharoiti jiddiy to‘siq bo‘layotgani xabar qilindi. Mahalliy aholi va hududdagi ko‘ngillilar ham qutqaruv operatsiyalariga jalb etilgan.
Mutasaddilar bu kabi sellar ehtimolini oldindan taxmin qilish va fuqarolarni ogohlantirish ishlariga yanada ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlashmoqda. Tabiiy ofat Texasdagi hayotni izdan chiqargan, ko‘plab uy-joy va infratuzilmalarga ziyon yetkazgan.
Hozircha rasmiylar tomonidan halok bo‘lganlar shaxsi va bedarak yo‘qolgan qizlar haqida to‘liq ma’lumot berilgani yo‘q. Ammo mahalliy ommaviy axborot vositalari bu holatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar