
Germaniyada yashovchi yosh yigit Leon Otremba ko‘p yillar davomida o‘zini past bo‘yi sabab kamsitilganday his qilardi. Uning o‘zini qadrlash darajasi pasayib, hayoti tushkun kayfiyatlar ichida o‘tayotgandi. 171 santimetrli bo‘yi uni hayotda erkin his qilishga to‘sqinlik qilardi. Bir necha marta u o‘zini boshqalar bilan taqqoslab, "men pakanaman" degan fikr bilan yashashga majbur bo‘ldi.
Metropoles nashri yozishicha, aynan mana shu ichki norozilik va ruhiy qiynoqlar uni radikal qadamga borishga undadi — Leon oyoqlarini sun’iy ravishda uzaytirish bo‘yicha jarrohlik amaliyotiga rozi bo‘ldi. Bu jarayon ikki yil davom etdi va natijada uning bo‘yi 24 santimetrga oshib, hozirda 195 santimetrni tashkil qilmoqda.
Birinchi operatsiya 2023 yilda amalga oshirildi. Shifokorlar maxsus metall sterjenlar va tashqi qurilmalar yordamida Leonning son suyaklarini kunlik 1 millimetrdan cho‘zish orqali 10 santimetrga uzaytirishdi. U muntazam tibbiy tekshiruvlarda qatnashib, infeksiya xavfini oldini olishga harakat qildi.
Ikkinchi murakkab operatsiya 2025 yil boshlarida o‘tkazildi. Bu safar boldir suyaklari ichki mexanizm — klik tizimi yordamida uzaytirildi. Leon ta’kidlashicha, ikkinchi jarayon avvalgiday og‘riqli bo‘lmagan, ammo tiklanish jarayoni ancha uzoq davom etgan. U hatto qaytadan yurishni o‘rganishiga to‘g‘ri kelgan.

Ha, natijasi ko‘zga ko‘rinarli — yigit o‘z maqsadiga erishdi. Ammo bu harakatlar unga yengillik va xursandchilik emas, aksincha, kuchli jismoniy og‘riqlar va doimiy noqulayliklarni olib kelmoqda. Uning aytishicha, tanada doimiy og‘riq saqlanib qolgan va bu kundalik hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bu kabi jarayonlar haqida ortoped shifokorlar ham jiddiy ogohlantirishlar berishmoqda. Misol uchun, Luchano Miller ismli mutaxassis ta’kidlashicha, bunday operatsiyalar faqatgina zarur tibbiy hollarda, masalan, tug‘ma jarohatlar yoki skelet nuqsonlari bor bemorlar uchungina tavsiya etilishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi sun’iy aralashuvlar inson tanasidagi biomexanik muvozanatni buzadi, mushak to‘qimalarida salbiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi va og‘ir asoratlar keltirib chiqaradi.
Shuning uchun ham mutaxassislar har qanday jismoniy kamchilikni sun’iy yo‘llar bilan bartaraf etishga qaror qilishdan avval, uning ta’sirini chuqur o‘ylab ko‘rishni maslahat berishadi. Leonning tarixi esa inson o‘zgarish orqali baxt topishni xohlasa-da, tabiatga qarshi kurashish o‘ziga yarasha narx talab qilishini yana bir bor isbotlamoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar