date

Rossiyada yangi yollanma sxema: u bilan Ukraina frontiga askarlar yuborilmoqda

Rossiyada yangi yollanma sxema: u bilan Ukraina frontiga askarlar yuborilmoqda
Rossiya–Ukraina urushi davomida harbiy safarbarlik va frontga yollanmalarni yuborish sxemalari yanada murakkab va ko‘p qirrali tus olmoqda. “Sistema” surishtiruv loyihasining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Rossiyada “Dobrokor” nomi ostida yangi ko‘ngilli korpus tashkil etilgan va unda yollanma askarlarni Ukrainaga yuborishning mutlaqo yangi mexanizmi amal qilmoqda, deb xabar berdi dw.com.

2023 yilda tashkil etilgan “Dobrovolcheskiy korpus” asosini avvalgi “Redut” xususiy harbiy kompaniyasi tashkil etgan. Bugungi kunda bu tuzilma Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi tomonidan to‘liq kuratorlik va moliyalashtirish asosida boshqarilmoqda.

Yangi sxema doirasida yollash jarayonlari “Svyatoy Georgiy” brigadasi, “Don” kazaklar tuzilmasi va yana 25 ta bo‘linmada amalga oshiriladi. Ularning asosiy koordinatori — general-leytenant Vladimir Alekseyev sanaladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Dobrokor” bo‘linmalari frontning deyarli barcha asosiy yo‘nalishlarida: Xarkiv, Donetsk, Luxansk, Zaporijjya, Xersonda hamda Rossiya hududidagi Kursk viloyati janglarida faol qatnashmoqda.

Yollash sharoitlari ham o‘zgargan: urushga 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan erkaklar, tibbiy otryadlarda esa 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan ayollar qabul qilinadi. Yollanganlar maxsus o‘quv poligonida 10 kundan ikki haftagacha mashg‘ulot o‘tashadi. Shartnoma minimal olti oyga tuziladi, ammo sakkiz oy yoki bir yillik shartnoma imkoniyati ham bor. Muddat tugagach, shartnomani uzaytirish yoki frontdan uyga qaytish mumkin.

Eng qizig‘i, “Dobrokor” korpusi a’zolari rasmiy ravishda “jangovar harakatlar faxriysi” maqomini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Ekspertlar fikricha, mazkur sxema Rossiyada yollanmalarni safarbar qilish va frontga yollashning yangi bosqichini boshlab berishi mumkin. Jamoatchilik esa bu yo‘nalishda qanday o‘zgarishlar bo‘lishini qiziqish bilan kuzatmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada yangi yollanma sxema: u bilan Ukraina frontiga askarlar yuborilmoqda