date

Yevropa mudofaasida yangi bosqich: AQSHsiz Yevropa va Rossiya tahdidi muhokamada

Yevropa mudofaasida yangi bosqich: AQSHsiz Yevropa va Rossiya tahdidi muhokamada
Yevropa xavfsizligi borasida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda: qit’a davlatlari endi faqat AQSHga suyanmasdan, o‘z mudofaa salohiyatini mustaqil ravishda kuchaytirishga intilayapti. Germaniya kansleri Fridrix Mers BBC'ga bergan intervyusida bu borada teran fikr bildirdi, deb xabar berdi bbc.com. Mers so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Rossiya tomonidan yuzaga kelgan yangi tahdidlar fonida mudofaa va xavfsizlik uchun katta miqdorda mablag‘ ajratishga majbur bo‘lmoqda.

Kansler ta’kidicha, Yevropa va uning aholisi tinchligi, erkinligi va siyosiy barqarorligi Rossiyadan kelayotgan jiddiy xatar ostida qolgan.

“Biz jiddiy tahdid bilan ro‘baro‘ kelmoqdamiz, bu – Rossiyadir. Bu tahdid nafaqat Ukrainaga, balki bizning tinchligimiz va Yevropadagi siyosiy tartibga qarshi qaratilgan”, – deydi Germaniya hukumati rahbari.

Shu bois Germaniya hukumati va boshqa yetakchi Yevropa davlatlari mudofaa uchun budjet xarajatlarini sezilarli darajada oshirmoqda. Bu maqsadda, Mers Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga ham erishgan.

“Biz u qadar kuchli emasmiz, armiyamiz u qadar kuchli emas. Shuning uchun biz mudofaaga ko‘p mablag‘ sarflamoqdamiz”, – dedi olmon siyosatchisi.

Mers, shuningdek, AQSH rahbariyatining Yevropa mudofaasiga oz mablag‘ ajratilayotgani haqidagi tanqidlariga qo‘shildi. Uning fikricha, Yevropa endi o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq mas’uliyatni zimmasiga olishi lozim, chunki AQSH tashqi siyosatda Osiyo mintaqasiga e’tibor qarata boshladi.

So‘nggi vaqtlarda qit’ada AQSHga qaramlikni qisqartirish va o‘zaro mudofaa hamkorligini kuchaytirish tendensiyasi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Jumladan, Britaniya va Germaniya rahbarlari yaqinda harbiy hujum sodir bo‘lsa, o‘zaro yordam ko‘rsatish majburiyatlarini o‘z ichiga olgan muhim kelishuvga imzo chekdi.

Rossiyaning Yevropa mamlakatlariga ehtimoliy hujumi va NATOga yangi tahdidlar so‘nggi haftalarda keng muhokama etilyapti. NATO bosh kotibi Mark Ryutte, Germaniya razvedkasi rahbari Bruno Kal va Myunxen xalqaro xavfsizlik konferensiyasi rahbari Kristof Hoysgen kabi yetakchi ekspertlar Moskvaning agressiv siyosati xavfli bosqichga o‘tayotganini urg‘ulamoqda. Ularning fikricha, Putin Ukrainada to‘liq g‘alaba qozonsa, Yevropa uchun yanada katta tahdid yuzaga keladi.

“Putin bir necha bor Covet Ittifoqining parchalanishi va ruslar Rossiyadan chetda qolib ketganini XX asrning katta fojiasi deb atagan. Agar Putin Ukrainada mag‘lub etilmasa, u Moldovaga qadar yoki Boltiqbo‘yi mamlakatlariga qadar kelishini kutishimiz kerak”, – degan Kristof Hoysgen.

Ayni paytda, Putin G‘arb qurollari bilan Rossiya hududiga zarba berilgani takrorlansa, “katta qarorlar” qabul qilinishi haqida ogohlantirdi. Yevropa va AQSH o‘rtasida xavfsizlik sohasida yangi bosqich boshlangani, Rossiya tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish zarurati esa kun tartibining asosiy mavzusiga aylandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropa mudofaasida yangi bosqich: AQSHsiz Yevropa va Rossiya tahdidi muhokamada