date

Saratonni universal vaksina bilan yengish umidi paydo bo‘ldi

Saratonni universal vaksina bilan yengish umidi paydo bo‘ldi
Nature Biomedical Engineering jurnalida e’lon qilingan ilmiy maqola dunyodagi eng og‘ir kasalliklardan biri — saratonga qarshi kurashda yangi yo‘nalish yaratilayotganini ko‘rsatmoqda.

Bu tadqiqot Florida universitetining yirik mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi. Unda an’anaviy saratonga qarshi vaksinalardan farqli o‘laroq, o‘ziga xos bo‘lmagan, ya’ni har qanday o‘sma turiga qarshi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan universal mRNK vaksina sinovdan o‘tkazildi, deb xabar berdi news.zerkalo.io.

Odatda saratonga qarshi vaksinalar o‘simta hujayralarida uchraydigan muayyan oqsillarga qaratiladi. Ammo bu yangi mRNK vaksina bevosita immunitet tizimini faollashtiradi — go‘yo tanamiz xavfli virusga qarshi jang boshlayotgandek. Ana shunday kuchli signal organizmda o‘smaga qarshi faol kurashni rag‘batlantiradi.

Tadqiqotda vaksinadan tashqari keng tarqalgan immunoterapiya preparatlari, jumladan PD-1 ingibitorlari bilan birgalikda qo‘llandi. Natijalar shunchalar ta’sirli bo‘ldiki, hatto avvalgi muolajalarga javob bermagan saraton turlari — xususan, melanoma va miya shishlari ham qisqardi yoki butunlay yo‘qoldi. Ayrim holatlarda esa vaksina qo‘shimcha preparatlarsiz ham natija berdi.

Olimlar buning sababini shunday tushuntirishmoqda: mRNK vaksina o‘sma ichida PD-L1 deb ataluvchi oqsilning ifodasini kuchaytiradi, natijada immun tizimi uchun o‘smani tanish va zaiflashgan hujum obyektiga aylantiradi.

Bu yangilik bevosita 2023 yilda glioblastomaga qarshi shaxsiy mRNK vaksina yaratib, birinchi muvaffaqiyatli klinik sinov o‘tkazgan shu jamoaning ilmiy yo‘nalishini davom ettiradi. O‘shanda har bir bemorning shaxsiy o‘sma hujayralaridan tayyorlangan vaksina qo‘llangan edi.

Eng muhim jihati — yangi mRNK vaksina universal hisoblanadi. U ma’lum bir saraton turiga emas, balki umumiy immun tizimini faollashtirishga mo‘ljallangan. Bu esa uni ko‘plab saraton turlariga qarshi keng qo‘llash imkonini yaratadi, shu bilan birga arzon va ommaviy davolash usuliga aylanishi mumkin.

Olimlar ushbu natijani katta ilmiy yutuq sifatida baholamoqda. Agar keyingi klinik sinovlarda ham shunday ijobiy samara qayd etilsa, mazkur vaksina saratonning an’anaviy davolashga bo‘ysunmas turlariga qarshi asosiy qurolga aylanishi mumkin.

Hozirda ilmiy jamoa formulani yanada takomillashtirish va insoniy klinik sinovlarni boshlash uchun tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda. Jahon tibbiyotida yangi sahifa ochilishi mumkin bo‘lgan palla shunchaki nazariya emas, balki amaliy voqelikka aylanmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Saratonni universal vaksina bilan yengish umidi paydo bo‘ldi