
2023-yil 7-oktabr kuni boshlangan Gʻazo urushi Yaqin Sharqdagi eng qonli va murakkab mojarolardan biriga aylandi. Hamas tomonidan Isroilga uyushtirilgan hujum, 1 200 dan ortiq inson hayotiga zomin bo‘ldi va 251 kishi garovga olindi. Bu voqea Isroil va butun dunyo uchun shok bo‘ldi. Ammo ikki yillik urush davomida voqealar murakkablashdi — hozirda urushning har ikki tomonida ham xalqaro miqyosdagi jinoiy ayblovlar yuzaga chiqmoqda.
Urush bosqichma-bosqich insoniyat inqiroziga aylandi
Isroilning Gʻazodagi harbiy amaliyotlari halokatli tus oldi. Xalqaro tashkilotlar va mustaqil kuzatuvchilar urush davomida sodir etilgan qonunbuzarliklar haqida jiddiy dalillarni keltirishmoqda. Bu jinoyatlar orasida aholining ochlik holatiga tushirilishi, harbiy amaliyotlar vaqtida fuqarolar xavfsizligini ta’minlashdagi sustkashlik va butun shaharlarning izdan chiqarilishi mavjud.
BMTning sogʻliqni saqlash tashkiloti markaziy Gʻazodagi tibbiy inshootlarga qilingan hujumlarni qoraladi. So‘nggi haftalarda Deir al-Balah shahriga Isroil harbiylarining yurishi yangi ko‘chish to‘lqinlarini yuzaga keltirdi. Shu bilan birga, xalqaro jurnalistlarning Gʻazoga kirishiga ruxsat berilmayapti, bu esa urush haqiqatlarini aniq va mustaqil tarzda yoritishni qiyinlashtirmoqda. Shunga qaramay, falastinlik jurnalistlar fidokorona ish olib borib, deyarli 200 nafari hayotdan ko‘z yumdi.
Isroilning xalqaro maydondagi yakkalanishi
Isroilning asosiy ittifoqchilari ham unga nisbatan sabr-toqatini yo‘qotmoqda. AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari tomonidan 21-iyul kuni imzolangan qo‘shma bayonotda Isroilning Gʻazodagi gumanitar inqirozni kuchaytirgan yondashuvi keskin tanqid qilindi. Ular Gʻazo Aholisiga yordam yetkazish bo‘yicha Isroil kiritgan Gumanitar Fondning ishini "beqaror, xavfli va inson qadr-qimmatiga zid" deb baholadi.
Bayonotda 800 dan ortiq falastinlikning yordam olish chog‘ida o‘ldirilgani alohida tilga olinib, bu holat insonparvarlik qonunlariga to‘g‘ri kelmasligi qayd etildi. Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Deyvid Lammi ham xuddi shu yo‘nalishda Isroilni keskin tanqid qildi.
Siyosiy bosim kuchaymoqda
Isroil parlamenti — Knesset — yaqin kunlarda yozgi tanaffusga chiqadi. Bu tanaffus Bosh vazir Benyamin Netanyaxu uchun qisqa muddatli nafas olish imkonini beradi. Hozirda u koalitsion hukumati tarkibidagi ultramillatchilar tomonidan doimiy bosim ostida qolmoqda. Ular Gʻazodagi urushni to‘xtatishga qat’iy qarshi. Agar Netanyaxu sulhga rozi bo‘lsa, u hukumatdagi ko‘makchilarining qo‘llovidan mahrum bo‘lishi mumkin, bu esa yangi saylovlar va ehtimoliy hokimiyatdan chetlatilishiga olib keladi. Bu holatda u 7-oktabr fiyaskosi va unga qarshi davom etayotgan korrupsiya ishi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Kelajak – urushmi yoki diplomatiyami?
Urushga chizilgan bu qora sahifalar fonida yana bir umid nuri paydo bo‘lmoqda. Sulh ehtimoli kuchaymoqda. Bu nafaqat Gʻazo fuqarolari balki hanuz Hamas tomonidan garovda ushlab turilgan Isroil fuqarolari uchun ham hayot-mamot masalasidir.
Biroq sulh urushning yakuni emas. Bu faqat zo‘ravonlikni to‘xtatib, diplomatik muzokaralarga yo‘l ochadigan oraliq bosqich bo‘lishi mumkin. Agar xalqaro hamjamiyat, jumladan, Buyuk Britaniya va Fransiya kabi davlatlar Falastin davlatini tan olish masalasida qat’iy qaror qabul qilsa, bu uzoq yillardan beri davom etayotgan mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar