date

158 yillik kompaniya parol sabab yo‘q bo‘ldi: 700 kishi ishsiz qoldi

158 yillik kompaniya parol sabab yo‘q bo‘ldi: 700 kishi ishsiz qoldi
Britaniyada kiberhujumlar yuzlab kompaniyalarni yo‘q qilib, minglab odamlarni ishsiz qoldirmoqda. Ulardan biri – Nortgemptonshirda joylashgan va 158 yillik tarixga ega bo‘lgan KNP logistika kompaniyasidir. Bu kompaniya kiberhujum qurboniga aylanib, faoliyatini to‘xtatdi va 700 nafar xodim ishidan mahrum bo‘ldi.

Pravilamagning yozishicha, ushbu hujumni «Akira» nomli hakerlar guruhi amalga oshirgan. Ular xodimlardan biri tomonidan ishlatilgan oddiy va oson taxmin qilinishi mumkin bo‘lgan parol orqali kompaniyaning ichki tizimiga kirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Hujumdan so‘ng hakerlar kompaniyaning barcha ma’lumotlarini shifrlab, ichki dasturlar faoliyatini to‘xtatishgan. Ular ma’lumotlarni tiklash evaziga tovon puli talab qilishgan. Xatda shunday so‘zlar yozilgan:

«Agar siz buni o‘qib turgan bo‘lsangiz, demak, kompaniyangizning ichki infratuzilmasi to‘liq yoki qisman ishlamaydi. Keling, ko‘z yoshlar va nolalarni bir chetga surib, konstruktiv muloqotni boshlaylik».

Mutaxassislar bunday holatlarda hakerlar odatda o‘rtacha £5 millionga yaqin tovon puli so‘rashini ta’kidlashadi. Ammo KNP kompaniyasida bunday mablag‘ yo‘q edi. Shu sababli hech qanday ma’lumot tiklanmadi va kompaniya bankrot deb e’lon qilindi. Natijada 700 nafar ishchi ishsiz qoldi.

Pravilamagning ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina o‘tgan yilning o‘zida Buyuk Britaniyada 19 mingga yaqin kiberhujum qayd etilgan. Odatda, tovon puli miqdori taxminan £4 millionni tashkil etadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, britan kompaniyalarining uchdan biri tovon to‘lashga majbur bo‘lgan.

Fevral oyida shunga o‘xshash hujum kriptovalyuta birjasi Bybit'ga ham qilingan edi. O‘shanda hakerlar Ethereum kriptosi saqlanadigan raqamli hamyonini nazoratga olib, 1,5 milliard dollar miqdorida mablag‘ni o‘g‘irlashgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 158 yillik kompaniya parol sabab yo‘q bo‘ldi: 700 kishi ishsiz qoldi