date

Pokistonda birinchi marta tuyaga sun’iy oyoq qo‘yildi

Pokistonda birinchi marta tuyaga sun’iy oyoq qo‘yildi
Pokistonning Sind viloyatida joylashgan hayvonlar boshpanasida Kemmi laqabli tuya uchun sun’iy oyoq o‘rnatildi. Bu mamlakat tarixida birinchi marta yirik hayvonga protez o‘rnatilishi bilan tarixda qoldi. 2024-yil iyun oyida Kemmining oyog‘i mahalliy yer egasi tomonidan kesib tashlangan. Sababi tuya yer egasining dalasiga kirib ketgani uchun egasi hayvonga shafqatsizlarcha shikast yetkazgan.

Ushbu voqea videolari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. Shu sabab rasmiylar bu muammoni nazoratga olib, tuyani Karachidagi CDRS boshpanasiga yetkazishdi. Mutaxassislarning aytishicha, tuya og‘riq va ruhiy zarba natijasida, ayniqsa, erkaklardan juda qo‘rqib qolgan. Boshpana rahbari Shima Xon “Kemmi chinqirib yig‘lar, yurakni ezadigan nola chiqarardi”, deb eslaydi.

Tuyani ruhiy jihatdan tiklash jarayoni murakkab bo‘ldi. Reabilitatsiya jarayonida Kemmi boshqa tuya — Kelli bilan tanishtirildi va ular birga vaqt o‘tkazishdi. Shu sabab Kemmi birinchi bor uch oyog‘ida turishga harakat qildi va holati ancha yaxshilandi.

Dastlabki davolash bosqichidan so‘ng Kemmi uchun AQSHda maxsus ishlab chiqarilgan protezga buyurtma berildi. Sun’iy oyoq o‘rnatilgach, Kemmi ilk qadamlarini tashladi. Veterinar Babar Husaynning aytishicha, tuya hali to‘liq moslashmagan, ammo har kuni 15–20 daqiqalik mashg‘ulotlar orqali asta-sekin protezga o‘rganmoqda. Mutaxassislar to‘liq moslashuv jarayonini 2–3 hafta davom etishini ta’kidlamoqda.

Pokistondagi bu ilk amaliyot mamlakat veterinariya va hayvonlarni himoya qilish sohasi uchun muhim qadam bo‘ldi. Kemmi hozirda Karachidagi boshpanada yashamoqda va unga doimiy tibbiy, ijtimoiy va reabilitatsiya xizmati ko‘rsatilmoqda.

Mutaxassislar bu holat hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash va nogiron hayvonlarga yordam berishda ijobiy natijalar uchun asos bo‘lishini ta’kidlashmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pokistonda birinchi marta tuyaga sun’iy oyoq qo‘yildi