Rossiya 27-iyul, yakshanba kuni Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanga muntazam yo‘lovchi aviaqatnovlarini qayta yo‘lga qo‘ydi. Bu ikki davlat o‘rtasida 1990-yillarning o‘rtalaridan beri ilk bor amalga oshirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov hisoblanadi.
Rossiya Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi reys Moskva shahridagi Sheremetevo xalqaro aeroportidan 27-iyul kuni soat 19:00 da (Toshkent vaqti bilan 21:00 da) jo‘nab ketishi belgilangan. Parvoz sakkiz soat davom etib, uni 440 yo‘lovchiga mo‘ljallangan samolyot bajaradi. Aviachiptalar narxi 44 700 rubl (taxminan 563 AQSh dollari)dan boshlanadi va birinchi reys chiptalari tezda sotib bo‘lingani bildirildi.
2025-yil iyun oyida Moskva bilan Pxenyan o‘rtasidagi 10 kunlik yo‘lovchi temiryo‘l qatnovi ham qayta tiklangandi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi transport aloqalari bosqichma-bosqich tiklanayotganini ko‘rsatmoqda.
Rasmiy Moskva va Pxenyan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish tarafdori ekanliklarini ochiq bildirgan. Shu o‘rinda, xalqaro hamjamiyatda Shimoliy Koreya tomonidan Rossiyaga qurol-yarog‘ va artilleriya yetkazib berilayotgani haqidagi da’volar mavjud bo‘lib, ikki davlat bu ayblovlarni qat’iyan rad etgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!