Yaqinda BMT Xavfsizlik kengashi majlisida Yevropa, Markaziy Osiyo va Amerika masalalari bo‘yicha BMT bosh kotibining o‘rinbosari Miroslav Yensa Ukrainada urush oqibatida yo‘q qilingan infratuzilmalarni qayta tiklash uchun kamida 524 milliard dollar sarflanishi kerakligini ma’lum qildi, deb xabar berdi dppa.un.org. Ushbu summa keyingi 10 yil ichida barcha zararni bartaraf etish uchun kerak bo‘ladi.
Miroslav Yensa o‘z chiqishida Rossiya tomonidan Ukrainadagi fuqaroviy infratuzilmalarga berilayotgan zarbalarni keskin qoralab, bunday hujumlar oqibatida keltirilayotgan zarar kun sayin oshib borayotganini alohida ta’kidladi.
Manbalarga ko‘ra, Rossiya 2022 yil 24 fevraldan buyon Ukraina hududiga bosib kirgan paytdan to hozirgacha amalga oshirgan harbiy harakatlar natijasida 13 580 nafar tinch aholi vakili, shu jumladan, 716 nafar bola halok bo‘lgan.
Yensaning fikricha, Ukrainada gumanitar ahvol ham kundan-kunga og‘irlashmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida tinch aholi o‘rtasida jabrlanganlar soni o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 50 foizga oshgan. Ayrim hududlarda uzoq masofaga uchuvchi raketalar va dronlar orqali amalga oshirilayotgan hujumlar ko‘paygani, aholi oziq-ovqat, toza suv, elektr energiyasi va tibbiy xizmatlardan yetarlicha foydalana olmayotgani qayd etilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina aholisining 3,7 million kishisi o‘z uyini tashlab, mamlakatning boshqa qismlariga ko‘chishga majbur bo‘lgan. Yana 6 million ukrainalik esa chet ellarda qochqin maqomida yashamoqda.
BMT bosh kotibi o‘rinbosari Xavfsizlik kengashi a’zolaridan Ukrainada tinch aholi va fuqaroviy infratuzilmani himoyalash, insonparvarlik yordamlarini kengaytirish va gumanitar operatsiyalarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishni so‘ragan.
So‘nggi haftalarda Rossiya va Ukraina Istanbulda diplomatik muzokaralar o‘tkazayotgani ta’kidlandi. Miroslav Yensa bu muloqotlar natijasida urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish muhimligini urg‘ulagan.
Aytish joizki, Rossiyaning Ukrainaga yetkazgan umumiy zarari haqida turlicha raqamlar keltirilmoqda. Germaniya kansleri Fridrix Mers ikki hafta oldin Moskva Ukrainaga yetkazgan zararni qoplash uchun taxminan 500 milliard yevro tovon to‘lashi zarurligini ma’lum qilgan edi.
Buyuk Britaniyaning “The Times” gazetasi tahlilchilari esa urushdan keyin Ukraina infratuzilmasini qayta tiklash uchun kamida 400 milliard funt sterling, ya’ni 532 milliard dollar sarf etilishi mumkinligini qayd etgan.
Urush oqibatida Ukrainadagi zarar: tiklashga necha milliard dollar kerak?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar