date

Britaniya Falastin davlatini tan olishiga bir qadam qoldi: shartlar va bosim

Britaniya Falastin davlatini tan olishiga bir qadam qoldi: shartlar va bosim
29 iyul kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Keir Starmer mamlakat tarixida muhim siyosiy bayonot bilan chiqdi. Agar Isroil falastinliklarning hayotini yaxshilashga qaratilgan aniq choralarni ko‘rmasa, London sentyabr oyidagi BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini rasman tan olishga tayyor ekanini bildirdi, deb xabar berdi Reuters. Bu qaror amalga oshsa, Buyuk Britaniya Fransiyadan keyin BMT Xavfsizlik Kengashida Falastinni rasman tan olgan ikkinchi G‘arb davlatiga aylanadi.

Starmerning ta’kidlashicha, Britaniya Falastinni tan olishdan oldin Isroildan bir qator aniq harakatlarni amalga oshirishni talab qiladi:

  • G‘azoga insonparvarlik yordamlarini kiritilishini ta’minlash,
  • G‘arbiy sohilni anneksiya qilmaslik bo‘yicha qat’iy kafolat berish,
  • Uzoq muddatli tinchlik jarayoniga sodiqligini va Falastin davlatchiligini tan olishini e’lon qilish.

"Falastin xalqi og‘ir azob-uqubatlarga duch keldi. Hozir esa G‘azoda yordam yetishmasligi tufayli chaqaloqlar ochlikdan aziyat chekmoqda. Bu tasvirlar umrimiz davomida yodimizdan chiqmaydi. Bu azoblarning tugashi shart," dedi Starmer jurnalistlarga murojaatida.

Sentyabr oyida Britaniya hukumati Isroil va Falastin tomonlarining ushbu shartlarni qanday bajarganini batafsil baholaydi. Starmer qayd etganidek, bu qarorda hech bir davlat veto qila olmaydi va Britaniya o‘z mustaqil siyosiy pozitsiyasiga amal qiladi.

Reuters ta’kidlashicha, bu qaror London rasmiylari va Yevropa ittifoqi yetakchilari ishtirokida yangi tinchlik rejasi va G‘azoda 2,2 million odamga yordam yetkazish masalalari muhokama qilingan tezkor majlisdan so‘ng qabul qilindi. Ilgarigi britaniya hukumatlari Falastinni “tegishli vaqt kelganda” tan olish haqida gapirgan, lekin hech qachon aniq shart yoki muddat belgilamagan edi.

Bu safar, G‘azoda ochlik xavfi avj olgani va xalqaro insonparvarlik tashkilotlari ogohlantiruvi tufayli, Leyboristlar partiyasi deputatlari ham bosh vazirni Falastin davlatini tan olishga undamoqda. Ular bu orqali Isroilga xalqaro bosimni kuchaytirishni maqsad qilmoqda.

Ayniqsa, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Falastinni 1967 yilgi urushda bosib olingan hududlar doirasida davlat sifatida tan olish niyatini bildirgach, Britaniya siyosiy muhitida ham masala yanada dolzarblashdi.

Qayd etish joiz, G‘azoda harbiy harakatlar boshlanganida Keir Starmer muxolifat yetakchisi sifatida Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlagan edi. Ammo bosh vazir lavozimiga kelgach, uning Isroilga nisbatan siyosati ancha qat’iy va prinsipial tus oldi. Masalan, Britaniya Xalqaro jinoiy sudning Netanyaxuga nisbatan chiqarilgan hibsga olish orderlariga qarshi oldingi huquqiy kurashni to‘xtatdi, Isroilga ayrim qurollar eksportini esa chekladi.

Shuningdek, iyun oyida Britaniya hukumati Isroilning ikki radikal vaziriga — Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrichga — sanksiyalar joriy qildi. Ular Falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlikni ochiq targ‘ib qilishda ayblangan.

Yakuniy qarorga sentyabr oyida baho beriladi va dunyo jamoatchiligi Britaniyaning bu siyosiy qadami mintaqaviy va xalqaro munosabatlarga qanday ta’sir qilishini diqqat bilan kuzatmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniya Falastin davlatini tan olishiga bir qadam qoldi: shartlar va bosim