So‘nggi yillarda samolyot parvozlari davomida kuzatilayotgan turbulentlik — havo oqimlaridagi keskin tebranishlar — nafaqat ko‘paymoqda, balki kuchaymoqda. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu holat iqlim o‘zgarishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, global haroratning ortishi atmosferadagi shamollar va havo harakatlariga sezilarli ta'sir ko‘rsatmoqda.
Atmosferadagi turbulentlik uch xil asosiy manbaga ega: konvektiv (bulut va momaqaldiroqlar), orografik (tog‘li hududlardagi havo oqimlari) va “ochiq havodagi” turbulentlik (tez harakatlanuvchi yuqori qatlamdagi shamollar bilan bog‘liq). Aynan so‘nggisi — ochiq havodagi turbulentlik — eng xavfli hisoblanadi, chunki u ko‘zga ko‘rinmaydi va oldindan sezilishi qiyin.
Angliyada joylashgan Reading universiteti professori Pol Uilyams prognozlariga ko‘ra, kelgusi o‘n yilliklarda kuchli turbulentliklar soni ikki yoki uch barobar ko‘payadi. Bu ayniqsa, Atlantika okeani ustidagi yo‘nalishlar, Osiyo va Shimoliy Amerikaning ba’zi hududlarida yaqqol seziladi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, AQShda 2009-yildan beri 200 dan ortiq jiddiy jarohatlanish holati qayd etilgan, ulardan ko‘pi ekipaj a'zolariga to‘g‘ri keladi. 2023-yilda esa global miqyosda jiddiy yo‘lovchi jarohatining qariyb 40 foizi turbulentlik bilan bog‘liq bo‘lgan.
Shu bilan birga, mutaxassislar parvoz xavfsizligiga tahdid uncha katta emasligini ta’kidlamoqda. Samolyot qanotlari yuqori darajadagi egiluvchanlikka ega bo‘lib, hatto kuchli tebranishlarga bardosh bera oladi. Shunga qaramay, parvoz davomida xavfsizlik kamarini taqib o‘tirish tavsiya etiladi.
Zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt yordamida turbulentlikni oldindan prognoz qilish sezilarli darajada yaxshilangan. Turli aviakompaniyalar parvozdan oldin turbulent hududlarni hisobga olgan holda marshrut tuzmoqda. Ba'zilari esa profilaktik choralar ko‘rmoqda — masalan, AQSHdagi Southwest Airlines salonda xizmat ko‘rsatishni balandroq qatlamda yakunlashni boshlagan, bu esa jarohatlanish ehtimolini kamaytiradi.
Bundan tashqari, yangi texnologiyalar — masalan, AI asosidagi real vaqtda qanot harakatlarini boshqaruvchi tizimlar yoki Turbulence Solutions kompaniyasining yengil samolyotlar uchun ishlab chiqqan “turbulentlikni bostirish” tizimi — yaqin yillarda kengroq qo‘llanilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!