date

Rossiyada kuchli zilzila yuz berdi, Havayi va Yaponiyada tsunami

Rossiyada kuchli zilzila yuz berdi, Havayi va Yaponiyada tsunami
30-iyul kuni Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Kamchatka yarimoroli yaqinida kuchli, 8.8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat oqibatida bir nechta binolarga zarar yetdi, bir necha kishi jarohat oldi, Yaponiyada esa evakuatsiya e’lon qilindi.

Kamchatka gubernatori Vladimir Solodov bu zilzilani "oxirgi o‘n yillikdagi eng kuchlisi" deb atadi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, yer silkinishi natijasida Kamchatka sohillarida 3–4 metrlik to‘lqinlar — tsunamilar qayd etilgan. Tinch okean mintaqasidagi boshqa davlatlarga ham ogohlantirishlar yuborildi.

Yaponiyaning sohilbo‘yi hududlarida tsunamiga qarshi ogohlantirishlar e’lon qilindi. Ba’zi shaharlarda odamlar yuqori joylarga ko‘chirilgan. 2011-yilda yuz bergan atom fojiasidan keyin eng ko‘p xavotir uyg‘otgan joy — Fukusima AES ham evakuatsiya qilindi, biroq hozircha yirik talafotlar yoki radiatsiya sizib chiqishi haqida xabar yo‘q.

Havayi va AQShning Tinch okeani sohillari bo‘ylab ham favqulodda chora-tadbirlar ko‘rildi. AQSh Prezidenti Donald Tramp "Xavfli tsunamiga tayyor bo‘ling", deya murojaat qildi.

Rossiya FVV ma’lumotiga ko‘ra, Kamchatkadagi ayrim portlar va zavodlarni to‘lqin bosgan, bolalar bog‘chasi zarar ko‘rgan, biroq ommaviy talafotlar yo‘q. Mahalliy sog‘liqni saqlash boshqarmasi bir nechta odam tibbiy yordamga murojaat qilganini bildirdi.

Zilzila yuz bergan Kamchatka mintaqasi Tinch okeani “Olov halqasi”da joylashgan — bu yerda kuchli zilzilalar va vulqonlar tez-tez sodir bo‘ladi. Rossiya Fanlar akademiyasi bu hodisani 1952-yildan beri eng kuchli zilzila deb atadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada kuchli zilzila yuz berdi, Havayi va Yaponiyada tsunami