Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Turkiya Respublikasining eng oliy davlat ordeni – “Devlet Nişanı” bilan taqdirlandi. Oqo‘rda matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tantanali marosim Anqara shahrida o‘tkazildi va mukofotni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on shaxsan topshirdi.
Turkiya prezidenti o‘z nutqida To‘qayevning davlatlararo munosabatlarga qo‘shgan ulkan hissasi, uning konstruktiv va oqilona rahbarligi natijasida Qozog‘iston mintaqada tinchlik va barqarorlik markaziga aylanganini alohida e’tirof etdi. Erdo‘g‘on, shuningdek, Qozog‘istonning Turkiy davlatlar tashkilotiga qo‘shgan hissasini yuqori baholadi va “Siz Turkiya va turk xalqiga doimo yaqinlik va do‘stlik ko‘rsatdingiz. Shu munosabat bilan sizga mamlakatimizning eng oliy mukofotini topshirish men uchun katta sharaf”, deya ta’kidladi.
To‘qayev esa o‘z so‘zida bunday e’tirofni nafaqat shaxsan o‘ziga, balki butun qozoq xalqiga bo‘lgan alohida hurmat va ishonch deb qabul qilishini bildirdi. “Devlet Nişanı” ordeni do‘stlik va birodarlik ramzi ekanini, bu qadrlashni qardosh xalqlar o‘rtasidagi mustahkam aloqalar, umumiy tarix va madaniy qadriyatlar uchun muhim qadam sifatida baholashini bildirdi.
Qozog‘iston rahbari o‘z nutqida: “Ushbu yuksak mukofot Turkiyaning butun qozoq xalqiga bo‘lgan samimiy hurmati va do‘stona munosabatlarining yorqin ko‘rinishi. Bu qadrlash xalqlarimiz o‘rtasidagi uzviy do‘stlik va strategik hamkorlikning mustahkam poydevoriga aylanadi”, deya ta’kidladi.
Ta’kidlash joiz, To‘qayev odatda milliy va xalqaro mukofotlarni qabul qilishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, bu ordenni do‘stlik ramzi sifatida qabul qildi. Bu voqea qozoq-turk munosabatlari va mintaqadagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim voqelik bo‘ldi.
Siyosiy tahlilchilar ushbu voqeani tarixiy ahamiyatga ega deb baholashmoqda. Turkiya va Qozog‘iston munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi va bu qadrlash ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi.
Qozog‘iston rahbariga Turkiyaning oliy mukofoti topshirildi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar