
Xitoy hukumati tug‘ilish ko‘rsatkichlarining pasayib borayotgani sabab, aholi sonini ko‘paytirish maqsadida yangi moliyaviy dasturni amalga oshirmoqda. Bu haqda mamlakatning yetakchi axborot agentliklaridan biri — “Sinxua” ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, davlat 3 yoshgacha bo‘lgan bolasi bor oilalarga har yili 3600 yuan (taqriban 500 AQSH dollari) miqdorida to‘lov ajratadi. Bu mablag‘ 2022–2024 yillar orasida tug‘ilgan bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 20 milliongacha bo‘lgan oilani qamrab olishi kutilmoqda.
Rasmiy raqamlarga ko‘ra, 2024 yilda Xitoyda 9,5 million chaqaloq tug‘ilgan. Bu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan qariyb ikki barobarga kamaygan. Hukumat esa bu pasayishga qarshi turish uchun “ona kapitali”ga o‘xshash dasturni joriy qilmoqda.
Iqtisodchi Zichun Xuanning ta’kidlashicha, ushbu yordamlar qisqa muddatda tug‘ilish darajasi yoki ichki bozor iste’molida katta o‘zgarish qilmasligi mumkin. Ammo bu tashabbus aholiga to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy yordam ko‘rsatishda yangi bosqich bo‘lib, davlat budjeti orqali transfertlar sonini oshirishga zamin yaratishi mumkin.
Ma’lumki, Xitoy 1979 yildan 2015 yilgacha “bir oila — bir bola” siyosatiga amal qilgan. Ayniqsa, qishloq joylarda ikki farzandli oilalar ijtimoiy imtiyozlardan mahrum etilgan. Endi esa hukumat aksincha, ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar tufayli, demografik inqiroz oldini olish va mamlakatning kelajakdagi mehnat resurslarini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!