AQSH yetakchisi Donald Tramp hamda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev o‘rtasidagi so‘zli qarama-qarshilik ijtimoiy tarmoqlar maydonida yana kuchaydi. Ikki siyosiy arbob o‘rtasidagi bu galgi tortishuv jamoatchilik e’tiborini tortgan holda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Mojaro Tramp tomonidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukraina bilan tinchlik kelishuviga erishish uchun atigi 10 kunlik muhlat taklif qilinishi bilan boshlandi. Bu bayonot dunyo media maydonida keskin fikrlarga sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng Dmitriy Medvedev ijtimoiy tarmoq orqali javob qaytardi va Trampning talabini qattiq tanqid ostiga oldi. U o‘z fikrini X platformasida quyidagicha bayon etdi:
"Tramp Rossiyaga nisbatan ultimatumlar o‘ynamoqda. Ba’zan 50 kun, ba’zan 10 kun talab qiladi. Ammo u ikki muhim jihatni unutmasligi lozim: 1. Rossiya — Isroil ham, Eron ham emas. 2. Har bir yangi ultimatum — urushga bo‘lgan xavf va qadam. Bu esa Rossiya va Ukraina o‘rtasida emas, aynan uning o‘z mamlakati uchun tahdiddir", — deb yozdi Medvedev.
Mazkur tanqidga Tramp o‘zining Truth Social platformasida javob qaytardi. Unda Medvedevni "omadsiz" deb atadi va o‘ziga tegishli so‘zlardan tiyilishni tavsiya qildi:
"Men uchun Hindistonning Rossiya bilan qanday munosabatda ekanligi muhim emas. Ular istaganicha o‘z iqtisodiyotlarini yo‘q qilib yuborishlari mumkin, mening ishim emas. Eng muhimi — Rossiyaning sobiq omadsiz prezidenti, hali ham o‘zini rahbar deb biluvchi Medvedevga og‘zini bukishni ayting. U xavfli hudud sari yurib bormoqda", — deya bayonot berdi Tramp.
Bu bayonotlar bilan cheklanmagan Medvedev Trampning qattiq asabiy munosabatiga ham munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Trampning tanqidiy qaydlari Rossiyaning fikri haqligini yana bir bor isbotlaydi:
"Agar Rossiyaning sobiq prezidentining bir necha so‘zlari AQSHning amaldagi prezidentida bunday kuchli asabiy reaksiya uyg‘otgan bo‘lsa, demak, Rossiya to‘g‘ri yo‘lda ketmoqda va haqiqat uning tomonida", — deya ta’kidladi Medvedev o‘z Telegram kanalida.
Shu bilan birga, Medvedev Trampning "o‘lik iqtisodiyot" degan ifodasiga javoban jiddiy bayonot berdi. U yadroviy tahdidga ishora qilar ekan, shunday dedi:
"U o‘zining sevimli “tirik murdalar” haqidagi filmlarini va mavjud bo‘lmagan “o‘lik qo‘l” tizimining qay darajada xavfli ekanini yodga olsin."
Uning bu gapi orqali nazarda tutilgan “o‘lik qo‘l” — bu Rossiyaning “Perimetr” deb nomlangan yadroviy javob tizimi bo‘lib, G‘arbda “Dead Hand” nomi bilan ma’lum. U yadroviy hujumga avtomatik ravishda ommaviy javob qaytarish imkonini beruvchi tizimdir.
Bu voqealar global siyosiy munosabatlar yanada keskinlashishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Muxlislar esa kelgusida qanday ritorika va siyosiy izohlar berilishini qiziqish bilan kuzatishmoqda.
Tramp va Medvedev o‘rtasida so‘z urushlari yana avj oldi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar