
Tayvanning “Zero Day Attack” nomli yangi teleseriali Xitoy tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan harbiy bosqin ssenariysini tasvirlab, mamlakatda keng jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. Serial ilk bor efirga uzatilishi bilan mashhurlikka erishdi va bir vaqtning o‘zida keskin bahslarga sabab bo‘ldi. Unda Xitoy harbiy kemalari orolni “qidiruv-qutqaruv” bahonasida qurshab olishi, Dadan orolidagi tayvanlik askarlarning sirli yo‘qolib ketishi kabi sahnalar ko‘rsatiladi.
Serial Xitoy tomonidan kutilayotgan tahdidga qarshi ogohlantirish sifatida yaratilgan bo‘lib, Tayvan hukumati uni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan. Har bir epizodda jamiyatning turli qatlamlari – prezidentdan tortib, oddiy qishloq aholisi va harbiylar – xayoliy bosqin vaziyatida qanday munosabat bildirishi yoritilgan. Shuningdek, kommunikatsiyaning izdan chiqishi, dezinformatsiya kampaniyalari va Xitoy tarafdorlarining noroziliklarni qo‘zg‘ashi kabi muammolar ham aks etgan.
Loyihaning asosiy g‘oyasi Tayvan xalqida Xitoy tahdidi borasida hushyorlikni kuchaytirishdir. Biroq muxolifatdagi siyosatchilar va ayrim tanqidchilar buni “vahima tarqatish” deb baholamoqda. Ular, ayniqsa, hukumat mablag‘i evaziga suratga olingani va serialning siyosiy holatlar bilan uyg‘un chiqayotganini tanqid ostiga olishmoqda. “Xavfni sun’iy ravishda kuchaytirish” orqali fuqarolarda noxush kayfiyat uyg‘otilmoqda degan fikrlar bildirilgan.
Serialning rejissyori va muallifi Chen Xsin-mey asarda Xitoyga nisbatan yomon qarashlar berilmaganini, balki urush holatida tayvanliklar qanday kurashishi haqida hikoya qilinganini ta’kidlaydi.
Tayvanda Xitoy tahdidi mavzusi oxirgi yillarda tobora keskinlashmoqda. Xitoy harbiy samolyotlari va kemalarining Tayvan yaqinidagi harakatlari ortgan. AQSh esa Xitoyning 2027-yilgacha Tayvanga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ogohlantirgan. “Zero Day Attack” ushbu real xavotirlar fonida jamiyatda muhim xavfsizlik masalalarini ochiq muhokamaga olib chiqmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar