Xitoy bahsli hududda yirik sun’iy orol barpo etmoqda

Xitoy Parasel arxipelagidagi Antelop rifida sun'iy orol qurish ishlarining birinchi bosqichini yakunladi. Tahlilchilar obyekt kelajakda Xitoyning mintaqadagi eng yirik harbiy bazalaridan biriga aylanishi mumkinligini aytmoqda. Yangi orolning uzunligi qariyb 6 kilometr bo'lib, hududda 680 metrli chuqur suv porti qurilgan, shuningdek, 3 kilometrdan ortiq qirg'oq qismida uchish-qo'nish yo'lagi barpo etilishi ehtimoli bor.
Xitoy Parasel arxipelagida joylashgan Antelop rifida sun’iy orol qurish ishlarining birinchi bosqichini yakunladi. Tahlilchilar fikricha, mazkur obyekt kelajakda mamlakatning mintaqadagi eng yirik harbiy bazalaridan biriga aylanishi mumkin. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Nashr tomonidan ko‘rib chiqilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, qariyb olti oy davom etgan qurilish ishlaridan keyin hududda ishlagan kemalar va dredjerlar — suv tubidagi loy, qum, shag‘al hamda tuproqni kavlab olish va tozalashga mo‘ljallangan maxsus texnika vositalari — obyektni tark etgan.
Vantor kompaniyasi tomonidan 19 iyul kuni olingan tasvirlarda esa orolning janubi-sharqiy qismida vertolyot maydonchasi va boshqa inshootlarni barpo etish ishlari boshlangani ko‘rinadi.
Xitoy Mudofaa vazirligi mazkur qurilish ishlari yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermagan. Xitoy davlat OAVlarida tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, obyekt ob-havoni kuzatish va prognoz qilish, ilmiy tadqiqotlar hamda boshqa fuqarolik ehtiyojlariga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Biroq xalqaro ekspertlar bu hudud Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi harbiy mavqeyini yanada mustahkamlashi mumkin, degan fikrda.
Orolda uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi mumkin
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi sun’iy orolning uzunligi qariyb 6 kilometrni tashkil etadi. Uning 3 kilometrdan ortiq to‘g‘ri qirg‘oq qismida samolyotlar uchun uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etilishi ehtimoli bor.
Bundan tashqari, hududda uzunligi 680 metr bo‘lgan chuqur suv porti ham qurilgan. Bu esa orolga yirik kemalarning kirib kelishini ta’minlashi mumkin.
Mutaxassislar Antelop rifining strategik ahamiyati yuqori ekanini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, Tayvan bilan bog‘liq mojaro yuzaga kelgan taqdirda, ushbu hudud Xitoy uchun muhim strategik nuqtaga aylanishi mumkin.
Mutaxassis Ben Lyuisning fikricha, Antelop rifi yaqin atrofdagi Vudi orolidan ham kattaroq bo‘lib, mudofaa nuqtayi nazaridan qulayroq joylashgan.
Vetnam qurilishga keskin qarshi
Xitoylik olim Din Duo esa Antelop rifidagi ishlar tinchliksevar va fuqarolik maqsadlarida amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Vetnam Parasel orollari ustidan o‘z suverenitetini da’vo qiladi va Xitoyning mazkur hududdagi qurilish ishlariga keskin qarshilik bildirmoqda.
Ekspertlar esa yangi orol Xitoyga nafaqat harbiy infratuzilmani kengaytirish, balki hududdagi harakatlarni nazorat qilish imkonini ham berishi mumkinligini aytmoqda.
Jumladan, orol Xitoyga suvosti kemalari harakatini va atrofdagi harbiy faollikni kuzatishda sezilarli ustunlik berishi mumkin.
Avstraliyalik professor Karl Tayerning ta’kidlashicha, mazkur obyektlar tinchlik davrida AQSH va uning ittifoqchilari harakatlarini kuzatishni osonlashtiradi. Ehtimoliy qurolli to‘qnashuv yuzaga kelgan holatda esa yangi infratuzilma mintaqada qo‘shimcha strategik murakkabliklarni keltirib chiqarishi mumkin.






























Izohlar 0
…